Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston Milliy universiteti delegatsiyasining Koreya Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari davomida erishilgan kelishuvlar bugun o‘z amaliy ifodasini topmoqda.
Oldingi muzokaralar natijasida Koreyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, xususan, nufuzli Konkuk universiteti bilan talabalar uchun grant imkoniyatlarini kengaytirish va o‘zaro aloqalarni faollashtirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilgan edi.

Mazkur strategik hamkorlikning uzviy davomi sifatida, 21-aprel kuni Konkuk universitetining yirik delegatsiyasi O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurdi. Uchrashuv davomida shu yilning yoz mavsumida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan «Yozgi maktab» dasturi doirasidagi hamkorlik, shuningdek, professor-o‘qituvchilarning tajriba almashinuvi va o‘zaro tashriflarini muntazam yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
O‘zMU talabalarining Konkuk universiteti tomonidan taqdim etilayotgan maxsus grant dasturlariga jalb etilishi bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishildi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari va universitet talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda yoshlarimiz uchun yaratilgan ushbu yangi imkoniyatlar va ta’lim dasturlari haqida batafsil ma’lumot berildi.