Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

“Karyera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2024-yil 23-fevral kuni Yoshlar bandligini ta’minlash chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, mazkur yig‘ilishda yoshlarga sifatli ta’lim berish, kasb-hunarga o‘qitish va ularning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi va bir qator muhim vazifalar belgilab berilgan edi. 

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash, universitet talabalari va universitetni tamomlayotgan yosh mutaxassislar bilan korxona, tashkilot vakillarining jonli muloqotini tashkil etish, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotlar berish va talabalarning bandligini ta’minlash maqsadida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetida “Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz!” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Talabalar bahori — 2024” an’anaviy festivali doirasida “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi. 

Mehnat yarmarkasida universitetning asosiy buyurtmachi tashkilotlari hamda 100 dan ortiq boshqa korxona va tashkilotlar (tijorat banklari, sug‘urta kompaniyalari, xususiy sektor tashkilotlari, uyushmalar) ishtirok etdi. Ular o‘zlarining 10 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari va tashkiloti haqida ko‘rgazmali hamda tarqatma materiallari bilan qatnashishdi.

Tadbirni tashkil etishdan asosiy maqsad – Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti talabalari va universitetni tamomlayotgan yosh mutaxassislar bilan korxona, tashkilotlar vakillarining jonli muloqotini tashkil etish, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotlar berish hamda talabalarning bandligini ta’minlashdan iborat.

Bugungi kunda universitetda 17 ta fakultet mavjud bo‘lib, ularda bakalavriatda 93 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha, magistraturada 81 ta mutaxassislik bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Universitetda jami 35 mingga yaqin talabalar  tahsil olmoqda. 

2022-2023 o‘quv yilida O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan bitiruvchilarning 97,4% ning bandligi ta’minlagan. Joriy o‘quv yilida universitetni 7000 dan ortiq bitiruvchi tamomlab, diplom oladi. Mazkur mehnat yarmarkasi ushbu bitiruvchilarga o‘zlari uchun munosib ish o‘rinlarini topishlariga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi.

Bugungi kunda universitetda talabalarni ishga joylashishlariga ko‘maklashish maqsadida “Karyera va bandlik markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu markaz ish beruvchi tashkilot, korxona va muassasalar bilan talabalarni uchrashuvlarini tashkillashtirib kelmoqda. Markaz tomonidan so‘nggi 2 yilda 8000 dan ortiq talabalarga o‘zlariga munosib ish o‘rinlarini topishlariga ko‘maklashgan. Markaz o‘zining telegram kanalini ishga tushirgan (https://t.me/uzmu_karyera_markazi) va ushbu telegram kanalga Respublika bo‘yicha 11000 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot joylangan.

Bugungi “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi ham shunday tadbirlarning ramziy davomi sifatida tashkil etilib, unda ish izlayotgan 10000 ga yaqin talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda ish beruvchi korxona va tashkilotlar mas’ul hodimlari o‘z faoliyatini yorituvchi ko‘rgazmali jihozlar va bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan qatnashdi va talabalar bilan ishga qabul qilish bo‘yicha tanlovlar o‘tkazdi. 

Mazkur tadbirda talabalar va universitet bitiruvchilari ishga joylashish borasida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob topishdi, xususan, ish beruvchi korxona yoki tashkilotdagi mavjud vakant o‘rinlar, u yerdagi mehnat va maishiy-madaniy shart-sharoitlar, ish haqi miqdorlari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati ega bo‘lishdi.  

O‘z navbatida tadbirda qatnashgan korxona va tashkilotlar ham talabalar bilan bevosita suhbat o‘tkazish, o‘zlariga zarur bo‘lgan kadrlarni ishga tanlab olish va o‘zaro manfaatli shartnomalar va kelishuvlar rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. 

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetida o‘tkazilgan “Karyera kuni” mehnat yarmarkasida ishtirok etgan talabalar qiziqarli takliflar olishdi va ishonchimiz komilki, tadbir ularning kelajakdagi kasbiy o‘sishida navbatdagi  omadli  qadam bo‘lib qoladi.