O‘zbekiston Milliy universiteti Biologiya va ekologiya fakultetida Biokimyo kafedrasi huzuridagi “Yosh biokimyogarlar” klubi tashabbusi bilan xalqaro ilmiy seminar yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbir zamonaviy biokimyo va molekulyar biologiyaning dolzarb yo‘nalishlaridan biri — kislorodning faol shakllari (ROS)ning patologik jarayonlardagi o‘rni va ta’sir mexanizmlarini o‘rganishga bag‘ishlandi.
Seminarda Buyuk Britaniyaning nufuzli ilmiy markazi — UCL Queen Square Institute of Neurology professori, O‘zbekiston Milliy universiteti faxriy doktori Abramov Andrey Yurevich ma’ruza qildi. U o‘z chiqishida kislorod faol shakllarining hujayra darajasida oksidlovchi stressni yuzaga keltirishi hamda ushbu jarayonlarning neyrodegenerativ kasalliklar, yurak-qon tomir tizimi va metabolik buzilishlar rivojlanishidagi muhim o‘rni haqida ilmiy asoslangan tahlillarni taqdim etdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar zamonaviy laboratoriya metodlari, eksperimental yondashuvlar va antioksidant himoya tizimlari bo‘yicha muhim bilimlarga ega bo‘ldilar. Seminar mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlar vakillarini birlashtirib, ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, yosh tadqiqotchilarning salohiyatini oshirish va ularning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.