Koreyada ilmiy stajirovka imkoniyati: “Tashrif buyuruvchi olimlar” dasturiga qabul boshlandi

Oʻzbekistonning Seul shahridagi Elchixonasi maʼlumotiga koʻra, Koreya Respublikasi hukumati huzuridagi Iqtisodiy siyosat instituti (Korea Institute for International Economic Policy) tomonidan 2026-yil uchun “Tashrif buyuruvchi olimlar” (Visiting Scholars Program) dasturiga arizalar qabul qilinishi boshlandi.

Mazkur dastur 2009-yildan buyon amalga oshirilib kelinmoqda hamda xorijiy tadqiqotchilar, universitet o‘qituvchilari va professorlar uchun mo‘ljallangan. Uning asosiy maqsadi — turli sohalarda faoliyat yurituvchi olimlar o‘rtasida bilim, ma’lumot va ilmiy tajriba almashinuvini rivojlantirishdan iborat.

Dastur davomiyligi 1 oyni tashkil etib, ishtirokchilar Sejong shahrida joylashgan institutda ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiradi.

Tanlov mezonlari:

xalqaro iqtisodiyot, rivojlanayotgan iqtisodiyotlar, iqtisodiy siyosat, moliya va turdosh yo‘nalishlarda faoliyat yuritish;

magistr yoki doktorlik darajasiga ega bo‘lish;

kamida 7 yillik ish tajribasi;

ingliz tilini bilish.

Ishtirokchilarning vazifalari:

mustaqil tadqiqot olib borish va uning natijalari asosida maqola tayyorlash (institutning “World Economy Brief” formatida);

“Tashrif buyuruvchi olimlar” seminarida tadqiqot natijalari bo‘yicha taqdimot qilish.

Ariza topshirish tartibi:

Arizalar yil davomida qabul qilinadi. Tanlov natijalari har yili iyun va dekabr oylarida e’lon qilinadi.

Joriy muddat — 31-may, navbatdagisi — 30-noyabr.

Talab etiladigan hujjatlar:

rasmiy ariza (belgilangan shaklda);

tarjimai hol (CV);

tavsiyanoma;

ilmiy yoki akademik faoliyatni aks ettiruvchi kamida bitta nashr nusxasi.

Hujjatlar quyidagi elektron manzilga yuboriladi: outreach@kiep.go.kr

Moliyaviy shartlar:

Tanlab olingan ishtirokchilarning aviatashuv, sug‘urta, turar joy va yashash xarajatlari to‘liq institut tomonidan qoplanadi.

2009-yildan buyon dasturda jami 124 nafar xorijiy tadqiqotchi ishtirok etgan bo‘lib, ulardan 4 nafari O‘zbekiston vakillaridir.