Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Mahalla farovonligi istiqbolimiz garovi

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, maktab ta’limini rivojlantirish biz uchun buyuk umummilliy maqsadga, umuxalq harakatiga aylanishi zarur. Mamlakatimizda xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, xususan, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalari bugungi kunning eng dolzarb ahamiyatga ega masalalaridan biri hisoblanadi. Shu bois, davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan umumta’lim maktablarini oliy ta’lim muassasalari otaliqqa olish vazifasi yuklatilgan.
Joriy yilning 25-fevral kuni Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Madjidov boshchiligida universitetga biriktirilgan “Beruniy” va “Tepaguzar” mahallalariga va ularga qarashli 249-, 234-umumiy o’rta ta’lim maktablariga tashrif buyurildi. Uchrashuvda o‘quv maussasalari faoliyati, ta’lim sifati, shuningdek, mavjud muammo va kamchiliklar bilan yaqindan tanishildi.

Maktab o‘quvchilarining bilim olishda samarali usullardan foydalanish, malakali kadrlar bilan ta’minlash, o’quvchilarga universitetni yaqindan tanishtirish maqsadida tur tashkil etish, shu bilan bir qatorda, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha umumta’lim maktablarni tayyorlash va namunali natijalarga erishish uchun amalga oshirilishi zarur bo‘lgan maqsad va vazifalar xususida ham fikr yuritildi.

– Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi, deyilishi bejiz emas. Yangi manzil oldida og‘ir va mashaqqatli yo‘l, biroq aniq maqsadlar turibdi. Bir yoqadan bosh chiqarish degan xalqona so‘zlarni dilga joylab va unga amal qilib yashaydigan behad mas’uliyatli kunlar keldi, – dedi universitet rektori Inom Madjidov. – Davlatimiz rahbarining aytganidek, endi maktab ishi faqat Xalq ta’limi vazirligi yoki o‘qituvchilarning emas, har bir O‘zbekiston odamining dard-u tashvishiga, quvonch-u qayg‘usiga – umummillat yumushiga aylanmog‘i zarur.

Universitetga biriktirilgan mahallalarga qarashli maktablarda o‘qitish sifatini yanada oshirish, bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalarga kirish ko‘rsatkichlarini yaxshilash haqida maktab rahbarlarining fikr va mulohazalari tinglandi. Mazkur maktablarga mos fakultet va kafedralar biriktirilib, universitetda fanlar kesimida o‘qituvchilarning kasbiy mahorati va ularga metodik yordam ko‘rsatish orqali malakasini oshirish, universitet professor-o‘qituvchilari va maktab o‘qituvchilari “Ustoz-shogird” tizimini joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, o‘quvchilar qiziqishiga ko‘ra ijodiy va fan to‘garaklarini tashkil etish, besh tashabbus doirasida sport musobaqalari hamda ijodiy kechalar tashkil etish yuzasidan kelishib olindi.

Ma’lumot o‘rnida, Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetiga Olmazor tumanidagi “Beruniy”, “Mirzo G’olib”, “Shodiyona”, “Moyariq”, “Umid”, “Tepaguzar”, “Istiqbol”, “Paxta” va “Mustaqillik” jami to’qqizta mahalla biriktirilgan.

O’zMU Axborot xizmati