Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

MUQADDASDIR VATAN BAYROG‘I

Joriy yilning 18-noyabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 30  yilligi munosabati bilan “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” mavzuidagi madaniy-ma’rifiy bayram tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi.

Dastlab, Olmazor tumani Beruniy metro bekatidan universitetning bosh binosigacha bo‘lgan manzilda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari harbiy orkestri, O‘zMU Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi ofitser va kursantlari hamda universitet iqtidorli talaba-yoshlarining O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini baland ko‘targan holda tantanali bayramona yurishi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng, universitet bosh binosining kirish qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ijro etildi.

Tadbirni O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Shuhrat Toshmatov hamda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Kamoliddin Mirzaaxmedovlar ochib, universitet professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlarni davlatimiz bayrog‘i qabul qilinganligining 30 yilligi bilan samimiy muborakbod etdilar.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 30 yilligiga bag‘ishlab universitetning faol talaba-yoshlari ishtirokida tayyorlangan fleshmob ko‘rgazmasi, O‘zbekiston Respublikasida Qurolli kuchlari harbiy ansambli xonandalari hamda universitet talaba-yoshlari ijrosidagi vatanni madh etuvchi qo‘shiqlar tadbirda yig‘ilganlarga o‘zgacha shukuh va bayramona kayfiyat ulashdi.

Shuningdek, universitet axborot-resurs markazi katta zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Sharofiddin Nazarov va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Nigora Qutlimurotovalar O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i qabul qilingan tarixiy sana va uning ahamiyati haqida talaba-yoshlarga gaparib berdilar.   

Tadbir davomida universitet iqtidorli talaba-yoshlari tomonidan tayyorlangan videorolik hamda universitetda tashkil etilgan “Erkin Vohidov” nomidagi maxsus stipendiya sovrindorlarining badiiy chiqishlari namoyish etildi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi tomonidan tashkil etilgan “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” mavzuidagi “Eng yaxshi insho va rasmlar” tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zMU Axborot xizmati