Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

OʼzMU talabalari “Katta adabiyot bayrami” haftaligida faol ishtirok etmoqda

Oliy taʼlim muassasalari talaba-yoshlari oʼrtasida joriy yilning 17 may sanasidan boshlab “Katta adabiyot bayrami” haftaligiga start berildi. Ochiq osmon ostida amaldagi karantin talablariga rioya qilgan holda “Аdiblar xiyoboni” da boʼlib oʼtayotgan mazkur bayram tadbirida Oʼzbekiston Milliy universiteti Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʼyicha prorektor Kamoliddin Mirzaaxmedov, Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʼlimi, universitet Ilmiy-adabiy maslahatchisi, professor Hamidulla Boltaboev, Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar boʼlimi boshligʼi Farogʼat Xudoyqulova, Oʼzbekiston Milliy kutubxonasi bosh mutaxassisi Gulchexra Ibroximova, Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Аdiba Umirova, Jurnalistika fakulьteti professor oʼqituvchilari, universitetning faol iqtidorli talabalari hamda OʼzMU qoshidagi S.Sirojiddinov nomli akademik litsey oʼquvchilari faol ishtirok etishmoqda.

Jumladan, bugun ham “Аdiblar xiyoboni”da universitetga biriktirilgan atoqli adib, Oʼzbekiston qahramoni Erkin Vohidov haykali siymosi oldida shoirning sermazmun ijodiga bagʼishlangan maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy tadbir oʼtkazildi. Tadbir davomida universitet Ilmiy-adabiy maslahatchisi, professor Hamidulla Boltaboev Erkin Vohidov ijodining jahoniy koʼlami, shoir amalga oshirgan tarjimalarning benazr xususiyatlari haqida, uning universitetda olib borgan ilmiy faoliyati haqida talaba-yoshlarga batafsil gapirib berdi. Shuningdek tadbir davomida yoshlarni Erkin Vohidov ijodiga yanada qiziqtirish maqsadida turli interaktiv usulda bahri-baytlar tashkil etildi.

Eslatib oʼtamiz, ushbu “Katta adabiyot bayrami” haftaligi doirasida joriy yilning 20 may sanasida “Erkin, yosh avlodlar senga zoʼr qanot” shiori ostida Respublika talaba-yoshlar festivali ham boʼlib oʼtadi. Mazkur festivalda “Аdiblar xiyoboni” dagi shoir, yozuvchi va ijodkorlar ijodidan musiqiy chiqishlar, anʼanaviy baxshichilik, raqs, “Eng yaxshi fotosuratlar” koʼrgazmalari, teatr va sahna chiqishlar, sport boʼyicha koʼrgazmali chiqishlar, kitob va liboslar koʼrgazmasi, shoir va yozuvchilar toʼgʼrisida olingan filьmlarning tizer va videoroliklar namoyishi hamda el suygan sanʼatkorlar ijrosida katta bayram tadbiri oʼtkaziladi.

Universitetning sheʼriyat va adabiyotga befarq boʼlmagan barcha talaba-yoshlar, magistrlar, ilmiy tadqiqotchilar, doktarantlar hamda professor-oʼqituvchilarni ushbu “Katta adabiyot bayrami” ga taklif qilamiz!

Yoshlar bilan ishlash,

maʼnaviyat va maʼrifat boʼlimi