Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

O‘zbekiston Milliy universiteti rektorining Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan tabrigi

Assalomu alaykum, qadrli hamkasblar,
hurmatli tadqiqotchi-olimlar, professor-o‘qituvchilar!
Aziz talaba-yoshlar!

Sizlarni yangilanish va yangi hayot timsoli – Navro‘z ayyomi bilan chin yurakdan tabriklayman. Barchangizga tinchlik-omonlik, sihat-salomatlik, baxtu saodat va ulkan muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilab qolaman.
Sharqona yangi yilning boshlanishi bilan ona diyorimizga yangi shukuh, fayzu baraka kirib keladi. Shuning uchun ham Navro‘zni orziqib kutamiz. Bu tabarruk bayramda barchamiz tinchlik va osoyishtalik naqadar bebaho ne’mat ekanini, uning qadr-qimmati va ahamiyatini yanada chuqurroq anglaymiz.
Navro‘zi olam azaldan insonlar o‘rtasida mehr-muruvvat, diyonat, adolat va insoniylik fazilatlarini targ‘ib etish, Vatanimiz tayanchi – yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida kamol toptirishda muhim ahamiyat kasb etgan.
O‘zbekiston Milliy universitetida “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” shiori ostida o‘tkazilgan bayram sayllari, umumxalq hashari, milliy  qadriyatlarimizni  o‘zida  aks ettirgan turli tadbirlar, sport  musobaqalari  va  tanlovlar universitet jamoasi va talaba-yoshlarni ezgu maqsad yo‘lida birlashtirdi.
Bu an’ana va qadriyatlarimiz zamirida ham ulkan hikmat va saboq yotadi. Zero, tarixi, qadriyatlari, urf-odatlariga hurmat va muhabbat ruhida tarbiyalangan yoshlar kamolot yo‘lida bardavom bo‘ladi. Eng muhimi, bugun axborot texnologiyalari taraqqiy topayotgan, media resurslar kengayib, rivojlanib borayotgan shiddatli davrda ota-bobolarimizning tarixiy an’analariga sodiq qolish, ularni hayotimizning o‘zagiga aylantirish sharafli burchimizdir.
Bu yilgi xosiyatli Navro‘z ayyomi qutlug‘ va fazilatli oy – muqaddas Ramazoni sharif bilan uyg‘unlashib ketdi. Ushbu ilohiy oyda qiladigan xayrli amallarimiz qabul bo‘lib, ezgu va pok niyatlarimiz ijobat bo‘lsin.
El-yurt xizmatida sadoqat, fidoyilik va halollik bilan mehnat qilayotgan Siz aziz ustozlarimiz, ilmdek sharafli yo‘ldan dadil odimlayotgan navqiron farzandlarimizni yana bir karra bayram bilan tabriklab, kattadan-katta muvaffaqiyat va zafarlar, kuch-quvvat tilayman! Ilm-fan yo‘lidagi izlanishlaringiz manfaatli va samarali bo‘lsin!
Bahor faslining go‘zallik, yasharish va yangilanish bayrami – Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin. Sharqona yangi yil sizga, oila a’zolaringizga va xonadoningizga baxt, quvonch, sog‘lik-salomatlik, qut-baraka olib kelsin!
Barchamizga ayyom qutlug‘ bo‘lsin!

Inom Madjidov,
Mirzo Ulug‘bek nomidagi
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori