
Jahon miqyosida tan olingan «WURI 2026: Global Top Innovative Universities» xalqaro reytingi natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti dunyoning eng innovatsion universitetlari ro‘yxatida 145-o‘rinni egallab, o‘z mavqeini o‘tgan yilga (171-o‘rin) nisbatan naqd 26 pog‘onaga yuqorilatdi.
Dinamik o‘sish sur’atlarini namoyish etayotgan OʻzMU, shuningdek, reytingning bir qator strategik yo‘nalishlari bo‘yicha dunyoning eng kuchli TOP-100 talik ro‘yxatidan mustahkam joy oldi:
- “University Brand and Reputation” (Universitet brendi va nufuzi) yo‘nalishida — 78-o‘rin;
- “Visionary Leadership” (Strategik yetakchilik) yo‘nalishida — 88-o‘rin.
Janubiy Koreyaning WURI (World University Rankings for Innovation) reytingi an’anaviy akademik baholash tizimidan farq qilib, oliy ta’lim muassasalarining jamiyat rivojiga qo‘shayotgan real hissasi, innovatsion yechimlari va ijtimoiy mas’uliyatiga asoslanadi.
Erishilgan ushbu yuksak natija universitetda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, innovatsion ta’lim modellari va xalqaro hamkorlik aloqalarining amaliy samarasidir.