O’zbekiston – yagona va ahil oila
2021-yilning 15-21 noyabr kunlari mamlakatimiz bo'ylab "Bag'rikenglik haftaligi" e'lon qilindi va shu munosabat bilan respublikamizda ko'plab tadbirlar o'tkazilmoqda. 2021 yil 19-noyabr kuni O'zbekiston Milliy Universiteti tomonidan O'zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi Madaniyat saroyida Xalqaro bag'rikenglikni nishonlash uchun "O'zbekiston - yagona va ahil oila" madaniy-ma'rifiy tadbiri bo'lib o'tdi. Ayni marosim millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi, Oliy va o'rta ta'lim vazirligi va O'zbekiston Milliy universitetining "Millatlararo totuvlik va bag'rikenglik" ilmiy markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda O'zbekiston Milliy universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetlarining talabalari, shu bilan birgalikda, Toshkentdagi milliy- madaniy markazlarning faollari, keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirning maqsadi yoshlar o‘rtasida tolerantlik, millatlararo totuvlikda yurtimizda amalaga oshirilayotgan islohotlarning targ‘ibotini kuchaytirishdan iborat.
Tadbirni universitet Yoshlar bilan ishlash bo`yicha prorektor Kamoliddin Mirzaaxmedov ochib berdi.
Dastlab, uchrashuv avvalida "Do'stlikni tarannum etgan yurt" nomli hujjatli videofilm taqdimoti bo'lib o'tdi. Shundan so'ng, bayram dasturi talabalar va Milliy madaniy markazlar ijodiy jamoalarining do'stlikni tarannum etuvchi turli tillardagi kuy-qo'shiqlar jamlangan rang-barang konsert dasturiga ulanib ketdi. Aytish joizki, ushbu tadbir yurtimizdagi yoshlar o'rtasida do'stlik va ko'p millatli yagona oila tuyg'usi muhitini mustahkamlash, yigit-qizlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim omil bo'lib xizmat qiladi.
O’zMU Axborot xizmati