Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

O‘zbekning buyuk ikki siymosi ijodining turkiy xalqlar madaniyatida tutgan o‘rni

2022-yil 10-fevralda Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539 yilligi munosabati bilan Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi, Mirzo Ulug’bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston va Fransiya Do’stlik jamiyati bilan hamkorlikda “ALISHER NAVOIY VA ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR IJODINING TURKIY XALQLAR MADANIYATIDAGI BETAKROR O‘RNI” mavzuidagi xalqaro ilmiy-nazariy anjuman tashkil etildi. Unda O’zMU 1-prorektori, Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo`yicha prorektor J.Muhammadiyev, Xalqaro aloqalar bo`yicha prorektor R.Shirinova, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo`yicha prorektor X.Saburov, AMEA Ozarbayjon - Turkmaniston - O‘zbekiston bo‘limi mudiri, professor A.Ulvi (Binnetova), Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari M.Hojimatov, O‘zTV “O‘zbekiston tarixi” kanali direktori SH.Hayitov, O‘zRFA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, O‘zRFA O‘zbek til, adabiyot va folklor instituti, Qoraqalpoq davlat universiteti professor-o’qituvchilari, xorijiy professor-olimlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi. Anjumanda o‘zbekistonlik navoiyshunos va boburshunos olimlar bilan bir qatorda Turkiya, Ozarbayjon, Afg’oniston kabi qardosh xalqlarning ko‘zga ko‘ringan professor-olimlari tomonidan Alisher Navoiy va Boburshoh ijodining Turkiy madaniyat ravnaqiga qo‘shgan hissasi, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning aruz ilmi rivojidagi o‘rni, Alisher Navoiy ijodining qardosh xalqlar adabiyotiga ta’siri masalalari, Alisher Navoiy lirikasida murakkab strukturali janrlar poetikasi, Alisher Navoiy ijodi G‘arb olimlari talqinida, Alisher Navoiy asarlarida futuvvat g‘oyasi, Alisher Navoiy sheriyatida Payg‘ambarlar siymolari talqini, Zahiriddin Muhammad Bobur devonining Istanbul (Belediya kutubxonasi) nusxasi xususida, "Boburnoma"da Navoiy portretiga chizgilar, Navoiy va Bobur ijodining Fransiyada o‘rganilishiga doir va shu kabi qiziqarli mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, konferensiyada so‘zga chiqqanlar bu ikki buyuk siymoning o‘zbek va jahon adabiyoti rivojiga qo‘shgan hissasi, asarlarining umumbashariy ahamiyati, turkiy xalqlar madaniyatida tutgan o‘rni va bugungi kunda o‘rganilishi dolzarb bo‘lgan masalalar haqida so‘z yuritdilar.- O‘zbekistonda bahor fasli mart oyida emas, balki fevraldan boshlanadi. Chunki bu oyda o‘zbek tilining, adabiyotining buyuk darg‘alari tavallud topgan kun. Dunyo kitobxonlarining qalbidan chuqur joy olgan bu ikki dahoning shaxsiyatini abadiylashtirish, ijodini targ‘ib qilish va eʼtibordan chetda qolgan masalalarni tadqiq qilish maqsadida samarali ishlar olib borilmoqda. Bugun universitetimizda bo‘lib o‘tayotgan onlayn tarzda ham ishtirok etayotgan xorijiy olimlar xalqaro miqyosdagi konferensiya ham shunday ishlarning davomidir, - deydi “O‘zbek adabiyotshunosligi” kafedrasi mudiri, professor Hamidulla Botaboyev.
Anjuman davomida universitetning iqtidorli talabalari tomonidan kuy-qo‘shiqlar, g‘azallar va sahna asarlari namoyish etildi. Konferensiya ishida faol ishtirok etganlar universitetning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. 

O’zMU Axborot xizmati