8-aprel kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Mamlakatimizda iqtisodiy huquqbuzarliklarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-21-son farmonida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida tashkil etildi.

Konferensiya davomida iqtisodiy huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etishning zamonaviy huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish hamda iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda qator vazirlik va idoralar, shuningdek, yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi. Jumladan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Bojxona qo‘mitasi, Soliq qo‘mitasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Bojxona instituti hamda Budjet-soliq ilmiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar va ilmiy izlanuvchilar anjumanda faol qatnashdi.

Konferensiya doirasida iqtisodiy huquqbuzarliklarning iqtisodiy-huquqiy jihatlari, ularning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlari, oldini olish choralari hamda ularga qarshi kurashishning zamonaviy mexanizmlariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi va muhokama qilindi.

Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan sohaga oid mavjud muammolar atroflicha tahlil qilinib, ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Tadbir yakunida konferensiyani tashkil etish va o‘tkazishda faol ishtirok etgan professor-o‘qituvchilar hamda talabalar tashakkurnoma, diplom va sertifikatlar bilan taqdirlandi.