Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

Rasmiy munosabat

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda "Kecha biz ham ko'chada tunab qoldik…", “Студенты ночуют на улице: им не выделяют места в общежитии!” sarlavhalari ostida tarqatilgan videoxabar yuzasidan Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti Axborot xizmati quyidagilarni ma'lum qiladi:
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan mazkur holat yuzasidan aniqlashtirish ishlari amalga oshirilishi natijasida ushbu xabar yolg'on axborot ekanligi aniqlandi. Xabar muallifi oliygohning milliy va xalqaro reytingi hamda ishchanlik obro'siga qasddan putur yetkazish, shov-shuv ko'tarish va bu orqali o'ziga e'tiborni jalb qilishni maqsad qilgan holda mazkur axborotni tarqatgan deb hisoblaymiz.
Haqiqatda tasvirda ko'rsatilgan manzara va makon universitetning Xorijiy filologiya fakulteti hududi bo'lib, shuni aytib o'tish joizki, O'zbekiston Milliy universitetida yangi 2022-2023 o'quv yili uchun talabalarni TTJlarga joylashtirish O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining 01.11.2019 yildagi № 1019-son buyrug'i asosida O'zMU rektorining 02.12.2019 yildagi № 01-989-sonli buyrug'i bilan tasdiqlangan “Talabalar turar joyi to'g'risida”gi Nizom hamda “Talabalar turar joylari Ichki tartib qoidalari talablari asosida amalga oshiriladi. Yuqoridagi Nizom talablardan kelib chiqib, talabalar turar joylariga talabalarni joylashtirish maqsadida yangi 2022-2023-o'quv yili uchun har bir fakultetlarda fakultet rahbariyati va jamoasidan iborat fakultet ishchi guruhi tuzilgan hamda talabalar turar joylariga ehtiyoji bor bo'lgan talabalarni joylashtirish ishlarini amalga oshiradi.
Yuqoridagi videoxabarda aytib o'tilgan "Kecha biz ham ko'chada tunab qoldik…" videotasviri kunduzi kuni fakultetning yuqori qavatlaridan birida fakultet ishchi guruhi talabalarni turur joy bilan ta'minlash maqsadida o'z ish joyida navbat bilan “Talabalar turar joyi to'g'risida”gi Nizom hamda “Talabalar turar joylari Ichki tartib qoidalari talablardan kelib chiqib, talabalar turar joylariga ehtiyoji bor bo'lgan talabalarning asoslantiruvchi hujjatlarini qabul qilish bilan mashg'ul bo'lgan vaqtda olingan hamda ushbu kunda ko'rib chiqishga navbati kelmagan va kechasi tunashga joylari yo'q bo'lgan talabalar va ularga hamrohlik qilib kelgan ota-onalari va yaqinlariga universitetga qarashli 16-sonli Talabalar turar joyi fayasida yuklarini qoldirgan holda ichkarida turar joyda tunab qolishga ruxsat berilan.
So'nggi so'z o'rnida, OAV, ijtimoiy tarmoq faollari va blogerlarga ijtimoiy tarmoq hamda boshqa vositalar orqali asoslanmagan va yolg'on xabar tarqatganlik uchun jazo muqarrarligi haqida Adliya vazirligi Axborot xizmatining O'zbekiston Milliy axborot agentligi veb-saytida berilgan quyidagi javobni eslatma sifatida ilova qilamiz:
“Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga ko'ra, jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg'on axborotni tarqatish, shu jumladan, OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet jahon axborot tarmog'ida tarqatish BHMning 50 baravari (13 mln 500 ming so'm) dan 100 baravari (27 mln so'm)gacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
Shuningdek, yolg'on xabar tarqatganlik uchun fuqaroviy javobgarlik ham mavjud. Xususan, Fuqarolik kodeksiga ko'ra, shaxsning or-nomusi, sha'ni va qadr-qimmati hamda ishchanlik obro'sini haqoratlovchi ma'lumotlarni tarqatish tufayli ma'naviy zarar yetkazilgan bo'lsa, yetkazuvchining aybidan qat'iy nazar qoplanishi lozimligi ko'rsatib o'tilgan.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksiga muvofiq ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin ham ushbu xatti-harakatlar takror sodir etilsa, BHMning 200 baravarigacha (54 mln so'm) miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi”.

O'zMU Axborot xizmati