Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Rektor tabrigi

Аziz ustozlar, muhtaram hamkasblar, talabalar!

Kun va tun teng kelgan kun - Navroʼzi olam yurtimizga kirib keldi. Tabiat uygʼonib, atrof goʼzallikka burkangan, doshqozonlarda sumalaklar pishib, bolajonlar osmonni varraklarga toʼldirgan bu kunlarda barchamizning qalblarimiz yorishib, quvonchga toʼlmoqda. Sinovlarga koʼp boʼlgan kunlarni tarixga kuzatishni niyat qilib, xalqimizga yorugʼ va xayrli kunlarni tilaymiz. Navroʼz ayyomi hammamizga qutlugʼ boʼlsin.

Sharqda koʼklam, yangi fasl - Navroʼz bilan kirib keladi. Qalblarimiz tozaradi. Yaqinlarimizga yaxshi kayfiyat ulashamiz. Moʼʼtabar otaxon va onaxonlarimizni, bizni kutgan va sogʼinganlarni yoʼqlaymiz. Koʼngillarga mehr, oqibat va yaxshilik urugʼlarini sochamiz.

Universitetimizda turli millat va elat vakillaridan iborat professor-oʼqituvchilar talabalarga taʼlim va tarbiya beradi, yoshlar tahsil olishadi. Ularning Navroʼz-sharqona yangi yilnin kutib olishi, kichik doiralardagi bayram tadbirlarimizda faol ishtirok etishi ham Navroʼz tinchlik, mehr-oqibat, odamiylik asosida yaralgan neʼmat, bebaho qadriyat ekanligidan dalolatdir.

Kuni kecha universitetimizning talabalar turar joylarida yoshlarimiz Navroʼzni oʼzgacha shukuh va tayyorgarlik bilan kutib olishdi. Tashabbuskor yoshlar yaxshi niyatlar bilan daraxt koʼchatlari ekishdi. Respublikamizning barcha viloyatlaridagi urf-odat va Navroʼzni kutib olish anʼanalarini sahna koʼrinishlari va badiiy chiqishlari bilan namoyon etishdi. Milliy taomlarimiz va milliy oʼyinlar, devoriy gazetalarda Navroʼz mavzusini yoritish boʼyicha tanlovda faol ishtirok etgan talabalarimizdan minnatdor boʼldik. Аynan mana shu talabalarimiz milliy qadriyat va urf-odatlatarimizni keng targʼib qiluvchilar va ularning yillar osha sayqallanib borishiga oʼz hissalarini qoʼshayotgan yoshlardir.

Hech kimga sir emas, bugun ham oʼzimiz va yaqinlarimizni ehtiyot qilib, karantin talablariga rioya qilib, oʼqishni davom ettirib, bayram kunlarini yaqinlarimiz davrasida oʼtkazib, fayzli dasturxon atrofida duolar qilamiz.

Fursatdan foydalanib, barchangizni Navroʼzi olam bilan chin qalbdan muborakbod etaman. Yurtimizga tinchlik, oilalaringizga xotirjamlik, mustahkam sogʼliq, oʼqish va ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman.

Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universiteti

rektori Inom Madjidov