Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

REKTOR TABRIGI

Hurmatli ustozlar! Aziz talabalar!
Barchangizni kun va tun teng keladigan, yangilanish va yasharish bayrami Navro‘zi olam bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Ulug‘ ayyom kun sharqona yangi yilning boshlanishi ona diyorimizga yangi shukuh, fayz-u barokat olib keladi. Shuning uchun ham hammamiz Navro‘zni orziqib kutamiz.
Momolarimiz yaxshi niyatlar bilan doshqozonlarda sumalaklar qaynatishadi. Tandirlarda ko‘k somsalar yopiladi. Bobo dehqonlarimiz dalalarga baraka urug‘larini sepib, yoshi ulug‘larimiz rizq - ro‘zimizni Yaratgandan so‘raydilar. Yoshlar turli sayillaru tomoshalar tashkil qiladilar. Bu anʼana va qadriyatlarimiz zamirida ham ulkan hikmatlar yotadi. Zero, tarixi, qadriyatlari, urf - odatlariga hurmat va muhabbat ruhida tarbiyalangan yoshlar kamollik yo'lida bardavom bo‘ladi. Va eng muhimi, media maydonlarda, virtual olamda ham ota - bobolarmizning anʼanalarini yangi formatlarda namoyish etish, o‘rganish, hayotimizning o‘zagiga aylantirish sharafli burchimiz.
Bugungi ulug‘ ayyom kunlari talabalarimiz ham ota - onalarini yo'qlab, yoshi ulug‘larni holidan xabar olib, do‘st-u qarindoshlar bilan ko‘rishish niyatida o‘z tug‘ilib o‘sgan xonadonlarida bo‘lib turishibdi. Ular qadrdon universitetlariga qaytib, Navro‘z sayillarini talabalar turar joylarida o‘tkazishni rejalashyapti. Eʼtiborlisi shundaki, yoshlar bu sayilda turli viloyatlardagi urf - odat, anʼanalarning ko‘rinishlari, qishloq va shaharlarning tarixi, madaniyati va turmush tarzini badiiy chiqishlar orqali namoyish etishadi. Talabalarmiz milliy o‘yinlar namoyish etib, milliy taomlarning tayyorlaydilar.
Bugun yurtimizda Navro‘z! U yurtimizdagi barcha millat va elatlarning bayrami! Keng ko‘ngil, yaxshi niyat bilan, ulug‘ ayyom kunlarimiz xursandchilikda nishonlanadi. Koinotning fasllari almashinuvidagi tozarish va yangi kunlar sahifasini ochadigan bugungi bahoriy kun barchamizga muborak bo‘lsin. Ilm - fan yo'lidagi izlanishlarimiz samarali bo‘lsin. Dunyo xalqlariga ham yorug‘ tilaklar tilaymiz. Tinchlik va hamjihatlik insoniyatning bosh shiori bo‘lsin!
Barchamizga Navro‘zi olam muborak bo‘lsin!

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti
rektori, professor Inom Madjidov