Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Talabalarning loyihalari amaliyotga tatbiq etiladi

Bugun, O‘zbekiston Milliy universitetida bir necha xalqaro va respublika tashkilotlari bilan hamkorlikda Ijtimoiy fanlar fakulteti Ijtimoiy ish kafedrasi tomonidan “Biz bo‘lmasak, kim?” loyihalar tanlovi o‘tkazildi. 

Mazkur tanlovda fakultetda turli yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talabalar ta’lim va innovatsiya, zamonaviy kasblar, turizm va madaniyat, ekologiya yo‘nalishlariga taalluqli loyihalarini taqdim etdi.

Ushbu tanlovdan ko‘zlangan maqsad ilmiy-tadqiqotlarni bajarish ishtiyoqiga ega iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, amaliy va innovasion tadqiqotlarni olib borishlariga imkon yaratish, yangi avlod yosh olimlarini tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirishdan iborat. 

Tanlovga talabalar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalari bilan ishtirok etdi:

•  Ta’lim va tarbiya (psixologiya, ijtimoiy ish, falsafa, milliy g‘oya, sotsiologiya, yuristprudensiya, siyosatshunoslik va boshqa sohalar bo‘yicha);

•  Nogironligi bo‘lgan shaxslar, xotin-qizlar va yoshlar;

•  Ekologiya va sog‘lom turmush tarzi;

•  Ma’naviyat, OAV va jurnalistika;

•  Kitobxonlik;

•  Sport;

•  Turizm 

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning mart oyida Ijtimoiy fanlar fakulteti tashabbusi bilan ilmiy-tadqiqotlarni bajarish ishtiyoqiga ega iqtidorli yoshlarni aniqlash bo‘yicha yangi loyihaga qo‘l urilgan edi. Loyihalar tanloviga jami 120 dan ortiq talabalar o‘z g‘oyalari bilan ishtirok etishdi. 22-29 aprel kunlari ishchi guruh tomonidan eng yaxshi deb baholangan loyihalar tanlab olindi.

Tanlov yakuni bo‘yicha barcha loyihalarni amaliyotga joriy etish rejalashtirilgan bo‘lib, istiqbolda ushbu talabalar tomonidan berilayotgan g‘oyalarning sohalar rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

O'zMU Axborot xizmati