ADABIYOT VA MA’RIFAT — YOSHLARNING MA’NAVIY KAMOLOTI YO‘LIDA

Bugungi kunda yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning adabiyot va ijodga bo‘lgan qiziqishini oshirish, mustaqil fikrlash va ma’rifiy dunyoqarashini kengaytirish muhim vazifalardan biridir.

Shu maqsadda O‘zbekiston Milliy universitetida hamda universitet tashabbusi bilan Olmazor tumanidagi 24-sonli umumta’lim maktabida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etildi. Unda taniqli adib, shoir va publitsist To‘lqin Eshbek ishtirok etdi.

Uchrashuvlar davomida adabiyotning inson hayotidagi o‘rni, kitob mutolaasining yoshlar dunyoqarashi va tafakkurini shakllantirishdagi ahamiyati haqida fikr almashildi. Ijodkor o‘zining hayotiy va ijodiy tajribasi, adabiyotga kirib kelish yo‘li hamda ijod jarayoni haqida so‘zlab berdi.

Samimiy muloqot ruhida o‘tgan tadbirlarda talabalar va o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, adabiyot, ijod, kitobxonlik va ma’naviyatga oid fikrlarini bildirdilar. Yoshlarni muntazam kitob o‘qishga, o‘qigan asarlari haqida mushohada yuritishga va mustaqil fikrlashga undovchi tavsiyalar berildi.

Uchrashuvlar yosh avlodni kitob va adabiyotga yanada yaqinlashtirish, ma’naviy dunyosini boyitish hamda ijodiy izlanishlarga rag‘batlantirishga xizmat qildi.

Ma’naviyat fidoyisi To‘lqin Eshbek 1963-yil 1-iyunda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tug‘ilgan. 1985-yilda Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetini tamomlagan. Ayni paytda O‘zMUda dotsent lavozimida faoliyat yuritadi. Adibning “Jig‘arbandlar”, “Hayot karvonlari”, “O‘zbekning yomoni bo‘lmaydi”, “Boburning gavharlari”, “Jadidlar javhari” kabi qator nasriy va she’riy asarlari kitobxonlarga tanish. U Usmon Nosir mukofoti laureati, “Oltin qalam” Milliy mukofoti sovrindori, “Do‘stlik” ordeni sohibi.