Boku shahrida «Matematika va mexanikaning dolzarb muammolari» mavzusidagi XIII xalqaro ilmiy anjuman o‘z ishini yakunladi. Nufuzli tadbir O‘zbekiston Milliy universiteti, Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasining Matematika va mexanika instituti, AQSh Matematika jamiyati, Boku davlat universiteti, Vasiliy Stefanik nomidagi Karpat milliy universiteti hamda Ozarbayjon Axborot texnologiyalari instituti hamkorligida tashkil etildi.

Xalqaro forum davomida 13 ta yalpi majlis ma’ruzasi tinglandi — ular orasida O‘zbekiston Milliy universiteti professori M. Aripovning chiqishi ham alohida e’tibor qozondi. Shuningdek, sho‘ba majlislarida 160 dan ortiq ilmiy ma’ruza tinglanib, sof va amaliy matematika, mexanika, sun’iy intellekt hamda zamonaviy ta’lim yo‘nalishlaridagi so‘nggi tadqiqotlar va ularning amaliy yechimlari muhokama qilindi.

E’tiborlisi, xorijiy davlatlar orasida eng ko‘p vakillar O‘zbekistondan qatnashdi: mamlakatimizning turli oliygohlaridan 30 dan ortiq professor-o‘qituvchilar oflayn va onlayn formatda dolzarb ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
