2026-yil 6-oktabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga Bolgariya Respublikasining nufuzli oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi — Avliyo Kliment Ohridskiy nomidagi Sofiya universiteti delegatsiyasi rasmiy tashrif buyurdi.
O‘zMU rektori Inom Madjidov hamda Sofiya universitetining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori, professor Madlen Danova boshchiligidagi 8 nafar vakildan iborat delegatsiya o‘rtasida rasmiy muloqot bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida transformatsiya qilish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion hamkorlik ko‘lamini kengaytirish hamda Yevropaning yetakchi universitetlari bilan strategik sheriklikni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi.

Muzokaralarning ustuvor yo‘nalishlari
Ikkala universitet rahbariyati va soha mutaxassislari o‘rtasidagi uchrashuvda ta’lim, ilm-fan hamda madaniyat sohalarida o‘zaro manfaatli munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari atroficha muhokama qilindi:
- Akademik mobillik va ta’lim dasturlari: Talabalar, magistrantlar, doktorantlar, shuningdek, professor-o‘qituvchilarning o‘zaro akademik almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy stajirovkalar hamda qo‘shma ma’ruzalar tashkil etish;
- Gumanitar va raqamli fanlarda hamkorlik: Falsafa, klassik va zamonaviy filologiya, mediataqdiqotlar, mediapedagogika hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ta’limni raqamlashtirish sohalarida qo‘shma ilmiy loyihalar va xalqaro anjumanlar o‘tkazish;
- Ekologiya va barqaror rivojlanish: Sofiya universiteti huzuridagi «Clean & Circle» kompetensiyalar markazi bilan ekologik tadqiqotlar, suv va chiqindilarni boshqarish, aylanma iqtisodiyot hamda resurslardan samarali foydalanish yo‘nalishlarida hamkorlik qilish;
- Madaniyat va ma’rifat: Sofiya universiteti huzurida faoliyat yuritayotgan Abu Nasr Forobiy nomidagi ilmiy-ta’lim va madaniyat markazi imkoniyatlaridan keng foydalangan holda qo‘shma ilmiy va madaniyatlararo tadbirlarni kengaytirish.

O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi
Muzokaralar va muloqotlar yakunida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov hamda Avliyo Kliment Ohridskiy nomidagi Sofiya universiteti rektori Eliza Stefanova tomonidan rasmiy O‘zaro anglashuv memorandumi (Memorandum of Understanding) imzolandi. Mazkur memorandum ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi uzoq muddatli ilmiy-akademik hamkorlik va qo‘shma loyihalar uchun huquqiy va tashkiliy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun: 1888-yil 1-oktabrda tashkil etilgan Avliyo Kliment Ohridskiy nomidagi Sofiya universiteti Bulgariyaning eng qadimiy va ko‘p tarmoqli davlat oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot markazi hisoblanadi. Universitet tarkibida 16 ta fakultet va 35 dan ortiq ilmiy-tadqiqot markazi faoliyat yuritib, unda 20 000 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. Sofiya universiteti QS World University Rankings 2027 reytingida 751–760-o‘rinni, Times Higher Education World University Rankings 2026 reytingida esa 1501+ o‘rinni egallab turibdi.
