Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yil 24-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda belgilangan vazifalar, xususan, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini to‘liq ish bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi. Tadbir davlat darajasidagi muhim tashabbusning amaliy ifodasi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Yarmarkada mamlakat iqtisodiyotining turli tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan 200 ga yaqin tashkilot va korxonalar ishtirok etib, 10 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlarini taqdim etdi. Tadbirda 20 ming nafarga yaqin talaba va yoshlar qatnashib, bu uning yoshlar uchun keng imkoniyatlar maydoniga aylanganini ko‘rsatdi. Joriy o‘quv yilida universitetni 8 mingdan ortiq bitiruvchi tamomlashi kutilmoqda, hozirga qadar ularning qariyb 60 foizi ish bilan ta’minlangan.

So‘nggi yillarda bitiruvchilar bandligini ta’minlash borasida erishilayotgan natijalar ijobiy dinamikani namoyon etmoqda. Xususan, 2024–2025-o‘quv yili yakunlariga ko‘ra, universitetni tamomlagan 7 300 dan ortiq bitiruvchining 96 foizdan ziyodi ishga joylashtirilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada oshgan bo‘lib, olib borilayotgan tizimli ishlar samaradorligini tasdiqlaydi.
Yarmarka doirasida zamonaviy raqamli yechimlardan ham samarali foydalanilmoqda. Jumladan, osonish.uz platformasi orqali respublika bo‘yicha 40 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot olish imkoniyati yaratilgan. Tadbir davomida talabalar va bitiruvchilar ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilib, o‘z rezyumelarini taqdim etmoqda hamda munosib ish o‘rinlariga ega bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritmoqda. Bunday kompleks yondashuv yoshlarning mehnat bozoriga tez va samarali kirib borishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.