Bugun, 27-aprel kuni O‘zbekiston Milliy universiteti Biologiya va ekologiya fakultetida “Yosh biokimyogarlar” klubi tashabbusi bilan xalqaro ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda zamonaviy biotibbiyotning eng dolzarb masalalaridan biri — “Shizofreniya: miyadagi sirlar va sun’iy intellekt yordamida yangi dorilarni qanday topamiz?” mavzusi atroflicha muhokama qilindi.
Seminarda AQSHning nufuzli ilmiy markazlari — Massachusets texnologiya instituti (MIT) va Garvard universitetining Broad instituti tadqiqotchisi, xalqaro ilmiy jamiyatlar a’zosi, PhD Erkin Shuhratovich Kurganov ma’ruza qildi. Olim shizofreniya kasalligining paydo bo‘lishida dopamin va glutamat tizimlaridagi muvozanatning buzilishi, shuningdek, genetik hamda epigenetik omillarning rolini ilmiy asoslab berdi.
Tadbirning eng qiziqarli qismi sun’iy intellektning (SI) farmasevtikadagi inqilobiy roliga bag‘ishlandi. Ta’kidlandiki:
SI katta hajmdagi biologik ma’lumotlarni tahlil qilish orqali yangi dori molekulalarini aniqlashni bir necha barobar tezlashtiradi;
Bu texnologiya nafaqat vaqtni tejaydi, balki dori vositalarining samaradorligini oshirishda yuqori aniqlikni ta’minlaydi.
Mazkur xalqaro muloqot yosh olimlar va talabalar uchun zamonaviy ilmiy yutuqlarni o‘rganish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishda muhim maydon bo‘lib xizmat qildi. Seminarda O‘zMU yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori T. Xojiyev hamda Guliston va Qarshi davlat universitetlarining professor-o‘qituvchilari, magistr va talabalari ham masofaviy (Zoom) tarzda faol ishtirok etdilar.
