Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar fakultetida “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Tadbir talabalarni mutaxassislik bo‘yicha ish bilan ta’minlash va ularni mehnat bozori bilan integratsiya qilish maqsadida o‘tkazildi.
Yarmarkada 20 dan ortiq yetakchi IT kompaniyalari, banklar va yirik tashkilotlar o‘zlarining bo‘sh ish o‘rinlari hamda amaliyot dasturlari bilan ishtirok etdi. Mazkur muloqot maydoni talabalarga bevosita ish beruvchilar bilan tanishish va zamonaviy talablar haqida ma’lumot olish imkonini berdi.
Fakultetning talabalarni band qilish borasidagi ko‘rsatkichlari quvonarli darajadadir. Joriy yilda o‘qishni tamomlaydigan 450 nafar bitiruvchining 343 nafari (76,2%) hozirning o‘zidayoq doimiy ish o‘rniga ega yoki o‘zini o‘zi band qilgan.
Tadbir davomida bitiruvchilar va ish beruvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri samarali muloqot o‘rnatildi. Ish beruvchilar tomonidan axborot texnologiyalari sohasidagi eng istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha talabalarga aniq ish takliflari taqdim etildi. Shuningdek, talabalar o‘z qiziqishlaridan kelib chiqqan holda kasbiy faoliyatlarini to‘g‘ri rejalashtirish bo‘yicha zarur maslahatlar oldilar.
Bu natijalar universitetda berilayotgan ta’lim sifatining mehnat bozori talablariga to‘la mos kelishini hamda talabalarning raqobatbardosh kadrlar bo‘lib yetishayotganini ko‘rsatmoqda.

O‘zMU Axborot xizmati