Bugun, 25-may kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi bilan hamkorlikda “Uch avlod uchrashuvi” deb nomlangan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Mazkur uchrashuv yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, boy hayotiy tajribaga ega bo‘lgan nuroniylar va navqiron yoshlar o‘rtasida jonli muloqot o‘rnatish maqsadida o‘tkazildi.

Tadbirni universitet rektori Inomjon Madjidov kirish so‘zi bilan ochib berib, uch avlod vakillarining bir davrada jam bo‘lishi ma’naviy davomiylikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Uchrashuvda asosiy mehmon sifatida O‘zbekiston Qahramoni, Senator, “Nuroniy” jamg‘armasi Respublika Boshqaruvi raisi Sodiqjon Turdiyev ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirga mehnat faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda universitetning faxriy professor-o‘qituvchilari taklif etildi.

Muloqot davomida O‘zFA akademigi Abdulla A’zamov, taniqli jurnalist Ahmadjon Meliboyev hamda universitetning ko‘zga ko‘ringan olimlari — Mersaid Aripov, Nigina Shermuhammedova, Ne’mat Norqulov va Xurshid Toshovlar so‘zga chiqdilar. Ular o‘z hayotiy yo‘llari, ilm-fan sohasidagi mashaqqat va zafarlari haqida so‘zlab berib, talabalarni yurt taraqqiyoti yo‘lida fidoyi bo‘lishga chorladilar.


Yoshlar nomidan Geologiya va muhandislik geologiyasi fakulteti magistranti Durdona Habibullayeva so‘z olib, nuroniylarga ko‘rsatilayotgan ehtirom va yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirdi.

Tadbirning yakuniy qismida tashrif buyurgan mehmonlar va talaba-yoshlar o‘rtasida ochiq muloqot va savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga hayotiy tajribaga boy ustozlardan batafsil javoblar oldilar.