Nobel mukofoti sovrindori Hiroshi Amano O‘zbekiston Milliy universitetining Faxriy professori bo‘ldi

O‘zbekiston Milliy universiteti jahon ilmiy hamjamiyati bilan aloqalarni mustahkamlash hamda o‘zining xalqaro nufuzini yuksaltirish yo‘lida navbatdagi muhim qadamni qo‘ydi. Fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, Nagoya universiteti maxsus professori (Tokunin Professor) Hiroshi Amanoga O‘zbekiston Milliy universiteti (O‘zMU) Kengashi qarori bilan “Faxriy professor” unvoni berildi. Shu munosabat bilan joriy yilning 26-may kuni Nagoya universitetining Higashiyama kampusida tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidovning Nobel mukofoti sovrindoriga yo‘llagan samimiy tabrik maktubi o‘qib eshittirildi.

O‘zMU jamoasiga cheksiz minnatdorlik bildirgan professor Hiroshi Amano imkoniyat topib, O‘zbekistonga va qadrdon O‘zbekiston Milliy universitetiga yana albatta tashrif buyurishni istashini hamda ikki davlat va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik ko‘prigini yanada mustahkamlash uchun bor bilim va kuchini sarflashga tayyor ekanini ta’kidladi.

Ushbu tantanali tadbir Yaponiya va xalqaro ommaviy axborot vositalari e’tiborida bo‘ldi. Xususan, mazkur tashrif va taqdirlash marosimi Yaponiyaning eng yirik nashrlaridan biri — “Yomiuri Shimbun” gazetasida yoritildi. Ma’lumot uchun, kuniga ikki marta (ertalab va kechqurun) chop etiladigan ushbu nufuzli gazetanining adadi (tiraji) 6 million nusxani tashkil etadi. Uning rasmiy veb-saytiga esa kuniga o‘rtacha 30 milliondan ortiq foydalanuvchi tashrif buyuradi.

O‘zMU hayotidagi ushbu muhim voqealikning bunday yirik auditoriyaga ega xalqaro media maydonida yoritilishi universitetning jahon miqyosidagi ilmiy-akademik aloqalari kengayib borayotganini ko‘rsatadi.