2026-yil 14–15-iyul kunlari O‘zbekiston Milliy universiteti Geografiya va geoaxborot tizimlari fakulteti delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – Henan universitetida rasmiy xizmat safarida bo‘ldi.
Delegatsiya tarkibidan Geografiya va geoaxborot tizimlari fakulteti dekani, professor Shavkat Sharipov, Geodeziya, kartografiya va kadastr kafedrasi dotsenti Obidjon Arabov hamda Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya kafedrasi dotsenti Matluba Egamberdiyeva o‘rin oldi.

Tashrif davomida geografiya, geoaxborot tizimlari, kartografiya, masofadan zondlash, landshaft, shahar va hududiy rejalashtirish yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Milliy universiteti Geografiya va geoaxborot tizimlari fakulteti hamda Henan universiteti Geografiya fanlari va muhandislik fakulteti o‘rtasida ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, xalqaro seminarlar va yozgi maktablar tashkil etish, shuningdek, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etishni nazarda tutadi.

Tomonlar Markaziy Osiyo Geografik tadqiqotlar markazi (Central Asia Geographical Research Center) hamda Inson–Yer tizimi fanlari va geoinjeneriya instituti (Institute of Human-Earth System Science and Geoengineering) faoliyatini hamkorlikda rivojlantirish bo‘yicha ham kelishuvga erishdilar.
Tashrif doirasida Jahon Fanlar Akademiyasi (TWAS) a’zosi, professor Liu Yansui tomonidan ishlab chiqilgan Geo-STEP (Geography-based Science, Technology, Engineering and Practice) modeli taqdim etildi. Uchrashuvda mazkur modelning geografiya fanini ilm-fan, texnologiya, muhandislik va amaliyot bilan integratsiyalash, shuningdek, murakkab geoekologik muammolarni hal etishdagi ahamiyati muhokama qilindi.
Shuningdek, Geo-STEP modelini xalqaro miqyosda ommalashtirish, geografik muhandislik yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash hamda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro kelishuvlarga erishildi.

Delegatsiya Henan universitetining zamonaviy ilmiy laboratoriyalari va geofazoviy texnologiyalar markazlari faoliyati bilan ham tanishdi. Uchrashuvlarda ilg‘or ilmiy tajribalarni O‘zbekiston Milliy universitetining ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlariga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur xizmat safari O‘zbekiston Milliy universiteti va Henan universiteti o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, geografiya va hududiy rivojlanish yo‘nalishlarida uzoq muddatli qo‘shma ta’lim hamda ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.