O‘zbekiston Milliy universitetiga Janubiy Koreyaning nufuzli oliy ta’lim muassasasi — Seul milliy universiteti (SNU) delegatsiyasi tashrif buyurdi. Akademik masalalar bo‘yicha ijrochi vitse-prezident Djun-Chjon Li boshchiligidagi mehmonlarni O‘zMU rektori Inom Madjidov boshchiligidagi universitet jamoasi kutib oldi. Tashrif doirasida ikki tomonlama samarali uchrashuv va muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Seul milliy universitetining Ijtimoiy mas’uliyat markazi (SNUSR Center) o‘rtasida O‘zbekistonda ijtimoiy ko‘ngillilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum (Agreement on the Partnership) imzolandi. Mazkur hamkorlik hujjatini O‘zMU rektori Inom Madjidov va SNUSR markazi rahbari Kyo Su (Kyo Suh) o‘z imolari bilan tasdiqladilar.

Tuzilgan kelishuvning asosiy maqsadi — tomonlarning imkoniyat va salohiyatlarini o‘zaro baham ko‘rish hamda samarali hamkorlik tizimini yaratish orqali O‘zbekistonda SNUSR markazi ko‘ngillilik faoliyati samaradorligini oshirish hisoblanadi.

Uchrashuv kun tartibida Seul milliy universitetining ijtimoiy mas’uliyat dasturi (SNUSR Program) hamda uning 2026-yilgi qishki mavsumda O‘zbekistonda amalga oshiriladigan ko‘ngillilar loyihasi taqdimotlari o‘tkazilib, mahalliy talaba-volontyorlarni saralash, ularning ushbu dasturdagi faol ishtirokini ta’minlash mexanizmlari hamda rejalashtirilgan madaniy-ijtimoiy tadbirlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish tartibi atroflicha muhokama qilindi va kelishib olindi.

Seul milliy universiteti (Seoul National University) 1946-yilda tashkil etilgan bo‘lib, “QS World University Rankings 2026” xalqaro reytingida 38-o‘rinni, “Times Higher Education World University Rankings 2026” reytingida esa 58-o‘rinni egallagan. Hozirda oliygohda 30 mingdan ortiq talaba (shundan 17 279 nafari bakalavr, 6 919 nafari magistrant va 6 125 nafari doktorant) tahsil oladi. Universitet dunyoning 59 ta mamlakatidagi 321 ta oliy ta’lim muassasasi bilan global hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.