Joriy yilning 7–9-oktabr kunlari Olmaota shahridagi Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universitetida Eurasia-Pacific Uninet (EPU) xalqaro akademik tarmog‘ining yalpi majlisi hamda Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasida hamkorlik seminari bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Avstriya, Markaziy Osiyo va Yevropadagi 100 dan ortiq nufuzli oliy ta’lim muassasalarining vakillari, olimlar, diplomatlar va ta’lim sohasi ekspertlari ishtirok etdi.
Forumda O‘zbekiston Milliy universiteti Strategik rivojlantirish va ta’lim infratuzilmasini transformatsiya qilish bo‘limi boshlig‘i Nodir Narziyev hamda Geografiya va geoaxborot tizimlari fakulteti katta o‘qituvchisi Ilhom Abdullayev qatnashdi.
Forum doirasida universitetlar va mehnat bozori o‘rtasidagi hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Unda Nodir Narziyev O‘zMUning erishgan yutuqlari, strategik rivojlanish rejalari, ta’lim infratuzilmasini takomillashtirish hamda bitiruvchilarni mehnat bozori talablariga mos ravishda tayyorlash borasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqining Global Gateway tashabbusi, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari, xalqaro ilmiy hamkorlik va ta’lim sohasidagi innovatsiyalar muhokama qilinmoqda. Hamkorlik loyihalari ko‘rgazmasida Erasmus+ dasturining Leslie loyihasi ham taqdim etildi.
Forum yakunlari xalqaro akademik aloqalarni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish va qo‘shma ilmiy-ta’lim loyihalarini rivojlantirishga xizmat qildi.
