O‘zbekiston Milliy universitetida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi innovatsion yondashuvlar muhokama qilindi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Jismoniy tarbiya va sport sohasida ta’lim, tarbiya va innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. Unda mahalliy va xorijiy olimlar, soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Anjumanda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishning dolzarb masalalari, aholining turli qatlamlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, yosh avlodning jismoniy rivojlanishini takomillashtirish, oila, maktab va oliy ta’lim tizimida jismoniy tarbiya samaradorligini oshirishning ilmiy-metodik asoslari muhokama qilindi.

Tadbirni universitet ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Yoqub Ergashov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Anjumanga pedagogika fanlari doktori, professor, Taekvondo va sport faoliyati fakulteti dekani Vladimir Rahimov raislik qildi.

Yalpi majlisda Ukraina davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti professori, biologiya fanlari doktori Georgiy Korobeynikov sport kurashida sun’iy intellekt modellari asosida qaror qabul qilish jarayonini optimallashtirish masalasiga to‘xtaldi. O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, PhD, dotsent Hikmat Toshmatov parasportchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, V yozgi Paraosiyo o‘yinlari tajribasi va zamonaviy ilmiy-metodik yondashuvlar haqida ma’ruza qildi.

Sankt-Peterburg jismoniy tarbiya ilmiy-tadqiqot instituti dotsenti Anna Lebedeva harbiy oliy ta’lim muassasasida dzyudochilarni tayyorlashning ilmiy-metodik ta’minotini, Qozog‘iston xalqaro turizm va mehmondo‘stlik universiteti professori Almas Anarbayev sport maydonlarida to‘qqizqaymoq o‘yinini tashkil etish va o‘tkazish metodikasini yoritdi. Shuningdek, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti professori Rashid Burnashev 400 va 800 metrga yuguruvchilarning individual-tipologik moslashuvi, Qozog‘iston sport va turizm akademiyasi vakili Dariga Oljabayeva esa yosh gimnastikachi qizlarni tayyorlashda murabbiy, sportchi va ota-onalar hamkorligining zamonaviy yondashuvlari yuzasidan fikr bildirdi.

Anjuman kunning ikkinchi yarmida beshta sho‘ba yo‘nalishi bo‘yicha davom etdi. Ularda jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash, ta’limning raqamli transformatsiyasi, sport tayyorgarligida innovatsion pedagogik va psixologik texnologiyalardan foydalanish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va ommaviy sportni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, yuqori malakali sportchilar tayyorgarligida tibbiy-biologik monitoring, antidoping madaniyati hamda sportni strategik rivojlantirishda marketingning o‘rniga oid ilmiy-amaliy qarashlar taqdim etildi.

Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman yakunida jismoniy tarbiya va sport sohasiga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ilmiy tadqiqotlar integratsiyasini kuchaytirish hamda mahalliy va xorijiy mutaxassislar o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqildi.