Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamkorligida bitiruvchilarning bandligini ta’minlashga qaratilgan navbatdagi “Karyera kuni” hamda amaliy Workshop tashkil etildi.
Tadbirda Ichki ishlar bosh boshqarmasi tizimidagi sohaviy xizmatlar va hududiy bo‘linmalar rahbar xodimlari ishtirok etdi. Amaliy Workshop shaklida o‘tgan uchrashuvda universitetning 200 nafardan ortiq bitiruvchi kurs talabalari qatnashdi.

Tadbirning asosiy maqsadi bitiruvchilarni huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi xizmat faoliyati, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, kadrlarga qo‘yiladigan talablar hamda davlat xizmatidagi karyera imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida mutasaddi rahbarlar mamlakatimizda ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy kadrlar siyosati, xizmatga qabul qilish tartiblari, ijtimoiy kafolatlar hamda yosh mutaxassislar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Workshop jarayonida talabalar ichki ishlar organlarining turli yo‘nalishlari, jumladan profilaktika, tergov, jamoat xavfsizligi, kiberxavfsizlik, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, tezkor-qidiruv faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga mavjud vakant lavozimlar, xizmatga qabul qilish tartiblari va kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlari bo‘yicha zarur ma’lumotlar taqdim etildi.
Ma’lumot uchun, 2025/2026 o‘quv yilida universitetni 8 103 nafar bitiruvchi tamomlashi kutilmoqda. Ularning bandligini ta’minlash maqsadida oliygohda davlat organlari, yirik tashkilot va korxonalar bilan hamkorlikda mehnat yarmarkalari, “Karyera kuni” tadbirlari, Workshop va ochiq muloqotlar muntazam ravishda tashkil etilmoqda.