O‘zbekiston Milliy universitetida Matbuot va OAV xodimlari hamda Yoshlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi

O‘zbekiston Milliy universitetida 30-iyun – Yoshlar kuni hamda 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan madaniy-ma’rifiy konsert dasturi tashkil etildi. Tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Bayram tadbirini universitetning birinchi prorektori Tunis Xojiyev ochib berdi. U universitet rektori nomidan yo‘llangan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Tabrikda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarining jamiyat hayotidagi o‘rni, mamlakatimizda so‘z erkinligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar alohida ta’kidlandi. Shuningdek, universitetning Jurnalistika kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda Matbuot xizmati xodimlarining ta’lim va ilm-fan sohasidagi yangiliklarni keng jamoatchilikka yetkazishdagi hissasi e’tirof etildi.

Tabrikda talaba-yoshlarga ham alohida murojaat qilinib, ularning bilim olishga intilishi, ilmiy izlanishlari va turli yo‘nalishlarda erishayotgan yutuqlari yuksak baholandi. Yoshlarning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotidagi muhim o‘rni qayd etilib, ular yaqinlashib kelayotgan Yoshlar kuni bilan samimiy qutlandi.

Tadbir davomida estrada yulduzlari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi. Xususan, xonanda Shuhrat Daryo tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Bayramona ruhda o‘tgan tadbir ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.