Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakultetida O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan “ShHT resurs markazi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir ShHTning 25 yilligi munosabati bilan tashkil etilib, unda universitet rahbariyati, markaz vakillari, professor-o‘qituvchilar, talabalar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Yangi markaz ShHTning tarixi, maqsad va vazifalari, tashkiliy tuzilmasi hamda a’zo davlatlar haqidagi ma’lumotlarni jamlagan zamonaviy ilmiy-ma’rifiy maydon sifatida shakllantirildi. Markazda tashkilot faoliyatiga oid axborot stendlari, infografik materiallar, tahliliy nashrlar va ilmiy adabiyotlar joylashtirilgan bo‘lib, ular talaba-yoshlar hamda tadqiqotchilar uchun muhim bilim manbai hisoblanadi.
Tadbir doirasida “ShHT xalqlarining madaniy xilma-xilligi” mavzusidagi fotoko‘rgazma tashkil etildi. Shuningdek, O‘zbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan nashr etilgan “Xalq diplomatiyasi: tinchlik sari birgalikda qadam” kitobining taqdimoti o‘tkazilib, unda xalq diplomatiyasining zamonaviy xalqaro munosabatlardagi o‘rni va tashkilot doirasidagi gumanitar hamkorlik masalalari yoritildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar “ShHT resurs markazi” talaba va yosh tadqiqotchilar uchun tashkilot faoliyatini chuqur o‘rganish, ilmiy izlanishlar olib borish hamda xalq diplomatiyasi yo‘nalishida yangi tashabbuslarni ilgari surishga xizmat qiluvchi muhim platformaga aylanishini ta’kidladilar. Kelgusida markaz negizida seminarlar, davra suhbatlari, konferensiyalar va boshqa ilmiy-ma’rifiy tadbirlarni muntazam tashkil etish rejalashtirilgan.