O‘zbekiston Milliy universitetida Toshkent shahar prokuraturasi hamkorligida “Prokuror va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi

Tadbirda universitet rahbariyati, Toshkent shahar prokuraturasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi vakillari, professor-o‘qituvchilar, talabalar, magistrantlar, doktorantlar hamda huquq sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Toshkent shahar prokurori Anvar Urmanov talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Suhbat jarayonida prokuratura organlarining asosiy vazifalari, sohada amalga oshirilayotgan zamonaviy yondashuvlar, ishga qabul qilish tartibi, tanlov jarayonlari hamda jinoyatlarni tergov qilishda qo‘llanilayotgan ilg‘or usullar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, qasddan odam o‘ldirish jinoyatlarini tergov qilishning amaliy jihatlari yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Milliy universiteti prorektorlari Komil Inoqov va Tunis Xojiyev, Toshkent shahar prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Rasuljon Botir o‘g‘li, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Korrupsiyaga qarshi kurash markazi prokurori Alimardon Ahmadov hamda Toshkent shahar IIBB EKM eksperti Doniyor Tulamanov ma’ruza qildilar. Mutaxassislar o‘z chiqishlarida prokuratura organlari faoliyatining dolzarb yo‘nalishlari, korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlari, og‘ir jinoyatlarni tergov qilishning o‘ziga xos jihatlari hamda dalillarni zamonaviy ilmiy usullar asosida tekshirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdilar.

Uchrashuv yoshlarning huquqiy bilim va madaniyatini yuksaltirish, ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish hamda ushbu sohada faoliyat yuritishga qiziqayotgan talabalarga amaliy tavsiyalar berish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi. Tadbir yakunida ishtirokchilar bunday ochiq muloqotlar yoshlarning huquqiy ongi, kasbiy dunyoqarashi va salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.