O‘zbekiston Milliy universitetida Toshkent shahar prokurori bilan ochiq muloqot o‘tkazildi

O‘zbekiston Milliy universitetida talaba-yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularning kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish hamda soha mutaxassislari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘riloq aloqalarini mustahkamlash maqsadida Toshkent shahar prokurori Anvar O‘rmonov ishtirokida rahbar va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi.

Tadbirni universitet rektori Inom Madjidov kirish so‘zi bilan ochib, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning bilim olishi va o‘z iqtidorini namoyish etishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, xususan, sohaviy amaliyotlarning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

Uchrashuvda Ijtimoiy fanlar fakultetining «Yurisprudensiya» yo‘nalishi talabalari ishtirok etdi. Prokuror va yoshlar o‘rtasidagi muloqot ochiq va samimiy ruhda kechdi. So‘zga chiqqan talabalar o‘zlarining bir qator amaliy taklif hamda tashabbuslarini ilgari surishdi. 

Jumladan, muloqot davomida talabalar tomonidan o‘zlarining startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, prokuratura organlarida maqsadli ishlab chiqarish amaliyoti va stajirovkalarini tashkil etish, tizimning tajribali va professional mutaxassislari ishtirokida muntazam ravishda mahorat darslarini o‘tkazish hamda Toshkent shahar prokuraturasi ma’muriy binosida «Bir kunlik ekskursiya» loyihasini yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan bir qator savol va takliflar bildirildi. Shahar prokurori ushbu tashabbuslarni ijobiy baholab, ularni amaliyotga joriy etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishini ta’kidladi.

Bundan tashqari, uchrashuv doirasida universitetning «Huquqiy fanlar» kafedrasi bilan hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarish, ilmiy-amaliy loyihalarni birgalikda amalga oshirish va ta’lim integratsiyasini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.