O‘zbekiston Milliy universitetida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Geologiya va muhandislik geologiyasi fakultetida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi. Unda fakultetning faxriy ustozlari, professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shgan, o‘z faoliyati va ilmiy yutuqlari bilan e’tirof qozongan olimlarning hayot yo‘li va tajribasini yosh avlodga namuna sifatida ko‘rsatish, ustoz-shogird an’analarini davom ettirishdan iborat.

Tadbirda fakultet dekani, professor Akramiddin Umarov, professorlar Abdulla Kushakov, Xojiakbar To‘ychiyev, Dilshod Otabayev, Odiljon Roziqov, dotsentlar Ibrohimjon G’aniyev va To‘lqin Mirahmedov, Davron Xusanboyev hamda boshqa professor-o‘qituvchilar qatnashdi. Faxriy mehmonlar sifatida geologiya-mineralogiya fanlari doktori Anvar Nurxo’jayev, Ilhomboy To’ramurodov va Nargiza To‘laganova taklif etildi.

Samimiy muloqot davomida faxriy ustozlarning ilmiy izlanishlari, kasbiy faoliyati, erishgan yutuqlari va geologiya sohasi rivojiga qo‘shgan hissasi haqida so‘z bordi. Ularning hayotiy tajribasi, ilm yo‘lidagi izlanishlari va mehnat faoliyati yoshlar uchun chinakam ibrat maktabi ekani ta’kidlandi.

Bunday uchrashuvlar yoshlarning ilm-fanga qiziqishini oshirish, ularda katta maqsadlar sari intilish va izlanish ruhini shakllantirish, shuningdek, ustozlar boshlab bergan ilmiy an’analarni yangi avlod davom ettirishi uchun muhim ahamiyatga ega.