Bugun O‘zbekiston Milliy universitetida xorijlik talabalar ishtirokida “Bir oila — turfa madaniyat — yagona kelajak” g‘oyasi ostida festival tashkil etildi. Mazkur tadbir turli millat va madaniyat vakillari o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Unda universitet rahbariyati, soha prorektorlari, bo‘lim boshliqlari, professor-o‘qituvchilar, mahalliy hamda turli mamlakatlardan kelib tahsil olayotgan xorijlik talabalar ishtirok etdi.
Festivalni universitetning xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Komil Inoqov ochib berdi. U o‘z so‘zida bu kabi tadbirlar jamiyatda ochiqlik muhitini shakllantirish, millatlararo do‘stlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Shuningdek, yurtimizda turli millat va elatlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish azaldan yuksak qadrlanib kelayotgani qayd etildi.

Tadbirning eng yorqin va esda qolarli qismi xorijlik talabalar tomonidan tayyorlangan madaniy dastur bo‘ldi. Unda turli millatlarga xos badiiy-musiqiy chiqishlar, milliy kuy-qo‘shiq va raqslar, sahnaviy ko‘rinishlar namoyish etildi. Shuningdek, ishtirokchilar turli xalqlarga xos an’anaviy taomlar ko‘rgazmasi orqali o‘z madaniyati va milliy qadriyatlarini keng targ‘ib qildilar.
Tadbir davomida yoshlarning bu jarayondagi o‘rniga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, talabalar o‘z milliy qadriyatlarini namoyon etish bilan birga, boshqa xalqlarning urf-odat va an’analarini o‘rganish orqali bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat muhitini yanada rivojlantirishga xizmat qiladilar.

Festival doirasida ishtirokchilar uchun o‘z iqtidor va ijodiy salohiyatlarini namoyon etish imkoniyatlari yaratildi. Shu bilan birga, bunday tashabbuslar davomi sifatida “Zakovat” intellektual o‘yinlari, innovasion loyihalar tanlovlari hamda sport musobaqalarini tashkil etish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Tadbir yakunida bunday festivallar nafaqat talabalar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash, balki xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish va xalqaro aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.