
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining fundamental fanlar yo‘nalishidagi to‘rtta ta’lim dasturi Germaniyaning muhandislik, informatika, tabiiy fanlar va matematika fanlari bo‘yicha akkreditatsiya agentligi (ASIIN) tomonidan xalqaro darajada tan olindi.
Mazkur nufuzli tashkilot ekspertlar guruhi joriy yilning 4–5-mart kunlari universitetga tashrif buyurib, ta’lim jarayonlarini xalqaro standartlar asosida auditdan o‘tkazgan edi. Tashrif davomida Germaniyaning Augsburg, Gamburg va Axen universitetlarining yetakchi professorlari, shuningdek, soha mutaxassislari va talabalar vakillari ishtirok etdi.
ASIIN Akkreditatsiya komissiyasining 2026-yil 26-iyundagi qarori bilan O‘zMUning quyidagi dasturlari xalqaro akkreditatsiya muhriga (ASIIN Seal) ega bo‘ldi:
Matematika (Bachelor in Mathematics);
Amaliy matematika (Bachelor in Applied Mathematics);
Fizika (Bachelor in Physics);
Fizika magistratura (Master in Physics).
Xalqaro ekspertlar guruhi universitetdagi o‘quv jarayonlari, professor-o‘qituvchilarning yuqori ilmiy salohiyati, laboratoriya uskunalarining holati hamda talabalar uchun yaratilgan supportive akademik muhitga yuqori baho berdilar. Shuningdek, talabalarning ilmiy loyihalari qo‘llab-quvvatlanishi va universitetning sanoat hamkorlari bilan aloqalari ijobiy deb topildi.
Ushbu xalqaro e’tirof O‘zbekiston Milliy universiteti diplomlarining Yevropa va butun dunyo miqyosida tan olinishini (EQF darajalariga muvofiqligini) ta’minlaydi. Bu esa talabalar va o‘qituvchilar uchun xalqaro akademik mobillikni oshirish, xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda bitiruvchilarning global mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Milliy universiteti Markaziy Osiyodagi yetakchi universitet sifatida o‘zining bir asrdan oshiq an’analarini saqlagan holda, bugungi kunda zamonaviy xalqaro ta’lim standartlarini muvaffaqiyatli joriy etib kelmoqda.
O‘zMU Axborot xizmati