Germaniyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan ko‘p qirrali aloqalar bugun o‘z mevasini bermoqda. Xususan, dunyoning eng nufuzli universitetlaridan biri — Berlin Freie universiteti (Freie Universität Berlin) bilan hamkorlik yangi, sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarilmoqda.
Joriy yilning 21-aprel kuni mazkur universitetning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha ofisi direktori Tobias Shtudeman O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurdi. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — amaldagi «Erasmus+» va talabalar almashinuv dasturlarini tahlil qilish hamda hamkorlik ko‘lamini kengaytirishdan iborat.

Muzokaralar davomida erishilgan muhim kelishuvlar:
• Akademik mobillik: Talaba va tadqiqotchilarning Germaniyada malaka oshirish ko‘lamini keskin oshirish;
• Ilmiy integratsiya: Grant loyihalari va qo‘shma tadqiqotlar uchun yangi imkoniyatlarni yaratish;
• Tajriba almashinuvi: Joriy yil davomida O‘zMU professor-o‘qituvchilari va yosh olimlari uchun Tobias Shtudeman tomonidan tizimli ravishda onlayn vebinar va treninglar tashkil etish.
Shuningdek, uchrashuv doirasida Berlin Freie universiteti professorlarining O‘zMUga maxsus tashrifini uyushtirish bo‘yicha ham aniq rejalar belgilab olindi.