Bugun, 10-iyun kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakultetida ilm-fan va amaliyot integratsiyasini ta’minlashga qaratilgan “Iqtisodiy landshaft: bilim, tajriba va mahorat uchrashuvlari” nomli o‘quv-seminar haftaligi boshlandi.
Tadbirni fakultet dekani Abduvahob Umarov ochib berib, mazkur haftalik talabalar va yosh tadqiqotchilar uchun soha mutaxassislaridan bevosita bilim olishda muhim maydon bo‘lishini ta’kidladi. Seminarning birinchi kunida fakultet professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdilar.
Haftalikning ilk ma’ruzachisi sifatida Oliy Majlis Senatining Qo‘mita raisi Erkin Fayziyevich Gadoyev taklif etildi. U ishtirokchilar uchun “Davlat byudjetining shakllanishi va monitoringi” mavzusida mahorat darsini o‘tib berdi. Muloqot davomida davlat byudjetining mohiyati, uni shakllantirishdagi zamonaviy yondashuvlar va nazorat mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mazkur loyiha “Bilim — taraqqiyotga yo‘l, Tajriba — rivojlanishga asos, Mahorat — kelajakka kafolat” degan ezgu g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan. Seminar dasturidan Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi deputatlari, xalqaro tashkilot vakillari, davlat boshqaruvi organlari mas’ul xodimlari hamda Fanlar akademiyasi olimlarining ma’ruzalari o‘rin olgan.
Ma’lumot uchun, ushbu ilmiy-amaliy uchrashuvlar joriy yilning 17-iyuniga qadar davom etadi. Haftalik doirasidagi keyingi uchrashuvlarda qimmatli qog‘ozlar bozori, Jahon banki loyihalari, investisiyalar jalb qilish va sun’iy intellekt texnologiyalari kabi dolzarb mavzular muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Biz haftalik jarayonlarini kuzatishda davom etamiz.