O‘zMU va Fudan universiteti: Strategik loyihalar va qo‘shma dasturlar muhokama qilindi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Xitoy Xalq Respublikasining Fudan universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tashrif buyurgan nufuzli mehmonlarni O‘zMUning xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Komil Inakov qabul qildi.

Uchrashuv O‘zMU huzuridagi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik hamkorlik bo‘yicha tadqiqot markazida o‘tkazildi. Tashrif buyurgan delegatsiyaga Fudan universiteti Xorijiy tillar va adabiyotlar instituti partiya qo‘mitasi kotibi Syue Xaysya rahbarlik qildi. Delegatsiya tarkibidan, shuningdek, institutning yetakchi olimlari va mutaxassislari — Li Sinmey, Szin Xayna, Sin Venjuan, Li Chjenxua hamda xalqaro dasturlar koordinatori Sya Peyyao o‘rin oldi.

Muloqot davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish, oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda o‘zaro Anglash memorandumi loyihasini muhokama qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Muloqot asnosida muhim amaliy kelishuvga erishilib, Markazda Fudan universiteti burchagi tashkil etiladigan bo‘ldi.

Tashrif doirasida Fudan universiteti vakillari O‘zMU professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalari uchun doktorantura va ilmiy stajirovka dasturlari, shuningdek, har yili o‘tkaziladigan Fudan International Summer Session (FISS) yozgi maktabi imkoniyatlari taqdimotini o‘tkazdilar.