O‘zMU va Imom Rizo xalqaro universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

2026-yil 23-oktabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Imom Rizo xalqaro universiteti rektori Dr. Ibrohim Donishifar boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mehmonlar bilan xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Komil Inakov muloqot qildi.

Uchrashuvda ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, mahorat darslari tashkil etish, ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazish, darslik va o‘quv qo‘llanmalarini tayyorlash hamda nashr etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zMUda eronlik professor-o‘qituvchilardan birining dars mashg‘ulotlarini tashkil etish va universitet professor-o‘qituvchilarining Imom Rizo xalqaro universiteti qoshidagi ilmiy jurnalda maqolalar bilan ishtirok etishi yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va Imom Rizo xalqaro universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur kelishuv ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’lim va ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.