Joriy yilning 26–30-oktabr kunlari Italiyaning Pisa shahridagi Sant’Anna oliy tadqiqotlar maktabida (Scuola Superiore Sant’Anna — SSSA) Erasmus+ dasturi doirasida amalga oshirilayotgan Cyber4CA — Markaziy Osiyo raqamli mehnat bozori uchun kiberxavfsizlik bo‘yicha innovatsion ta’lim dasturini ishlab chiqish loyihasi doirasida xalqaro ilmiy-amaliy tadbir bo‘lib o‘tmoqda. Unda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi ham ishtirok etmoqda.
Tadbirda Yevropa va Markaziy Osiyodagi hamkor oliy ta’lim muassasalari, tegishli vazirliklar vakillari hamda sanoat ekspertlari ishtirokida kiberxavfsizlik sohasida mutaxassislar tayyorlash, ta’lim dasturlarini takomillashtirish va zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
Madrid politexnika universiteti (Universidad Politécnica de Madrid — UPM), Antverpen universiteti (University of Antwerp — UAntwerp), Sant’Anna oliy tadqiqotlar maktabi (Scuola Superiore Sant’Anna — SSSA) va Buxarest milliy fan va texnologiya universiteti (National University of Science and Technology POLITEHNICA Bucharest — UNSTPB) mutaxassislari kiberxavfsizlik yo‘nalishida GLP talablari asosida ta’lim berish hamda laboratoriyalar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda. Shuningdek, ishlab chiqarish kompaniyalari ishtirokida kiberxavfsizlik tizimlariga oid amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
Tadbir yakunida ishlab chiqiladigan tavsiyalar O‘zMUda CyberLab infratuzilmasini rivojlantirish, kiberxavfsizlik bo‘yicha ta’lim va amaliyot uyg‘unligini kuchaytirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratiladi.
