O‘zMUda birinchi kurs talabalari uchun tantanali tanishuv tadbiri o‘tkazildi

Bugun, O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan, shuningdek, 2026/2027-o‘quv yilida universitetga qabul qilingan birinchi kurs talabalari bilan tantanali tanishuv maqsadida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda universitet rahbariyati, taniqli olimlar va akademiklar, ilm-fan va adabiyot namoyandalari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari, professor-o‘qituvchilar, talabalar, ularning ota-onalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov ochib berib, yig‘ilganlarni Mustaqilligimizning 35 yilligi bilan samimiy tabrikladi hamda universitetning yangi talabalari — birinchi kursga qabul qilingan yoshlarni talabalik maqomi bilan qutladi. Rektor o‘z murojaatida talabalik davri inson hayotidagi eng muhim va unutilmas bosqichlardan biri ekanini ta’kidlab, yoshlarga bilim olish, ilmiy izlanish, o‘z ustida ishlash va universitet tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishni tiladi.

Shuningdek, O‘zRFA akademigi, V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktor o‘rinbosari O‘tkir Roziqov, O‘zRFA akademigi, O‘zbekiston Milliy universiteti professori Bakridin Zaripov hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minxojiddin Mirzo so‘zga chiqib, yangi talabalarga ezgu tilak va samimiy tabriklarini yo‘lladi.

Tadbirning muhim va ramziy lahzalaridan biri sifatida birinchi kurs talabalariga universitetning ramziy kaliti topshirildi. Ushbu ramziy kalit yoshlarning O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari safidan munosib o‘rin egallagani, ular oldida yangi bilim va imkoniyatlar eshigi ochilganini ifodaladi.

Bayram tadbiri davomida estrada va an’anaviy xonandalar, ijodkor yoshlar ishtirokida qisqa konsert dasturi namoyish etildi. Jonli ijrolar, kuy-qo‘shiqlar va bayramona chiqishlar tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Mustaqillik bayrami munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbir fakultetlarda o‘tkazilgan “Mustaqillik darslari” bilan uzviy davom etdi. Unda talabalarga mamlakatimizning mustaqillik yillaridagi taraqqiyoti, erishilgan yutuqlar hamda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi islohotlarning mazmun-mohiyati haqida ma’lumotlar berildi.

O‘zMU Axborot xizmati