Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Jurnalistika, kommunikatsiya va kreativ iqtisodiyot: taraqqiyot tendensiyalari, ta’lim va texnologiyalar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi. Anjumanning ochilish marosimida universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Yoqub Ergashov so‘zga chiqib, mazkur tadbir O‘zMUning xalqaro ilmiy makondagi mavqeini mustahkamlash va zamonaviy jurnalistika ta’limida yangi akademik standartlarni belgilash yo‘lidagi muhim qadam ekanligini ta’kidladi.
Anjumanning ilmiy munozaralari markazida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan media ekotizimida foydalanish, dezinformatsiyaga qarshi kurashishda faktcheking texnologiyalarini takomillashtirish hamda global axborot almashinuvi sharoitida jurnalistik ta’limni yangi bosqichga olib chiqish masalalari turadi.
Tadbirning ochilish marosimida sohaning nufuzli vakillari va ekspertlar, jumladan, O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi direktori Gulnora Babajanova, Xitoydagi Sian Szyaotun universiteti professori Vu Feng, Jurnalistika kafedrasi mudiri Mahliyo Mirsoatova, professor Yoqutxon Mamatova va boshqalar ishtirok etdi.
Xalqaro konferensiya doirasida soha mutaxassislari oltita muhim yo‘nalish bo‘yicha media sohasining dolzarb muammolarini atroflicha tahlil qildilar. Muhokamalar jarayonida audiovizual va internet jurnalistikasi, bosma nashrlar transformatsiyasi, mediasavodxonlik hamda kreativ iqtisodiyotda kinopublisistikaning o‘rni kabi mavzularga alohida e’tibor qaratildi.
Plenar majlisda Xitoy, Qozog‘iston, Turkiya va Rossiya kabi davlatlarning yetakchi olimlari ma’ruza qildilar. Xalqaro ekspertlarning chiqishlarida jahon media makonidagi global o‘zgarishlar va milliy jurnalistika ta’limini xalqaro talablar asosida modernizatsiya qilish istiqbollari ilmiy asoslab berildi.
Tadbir yakunida soha mutaxassislari va talaba yoshlar uchun yangi media texnologiyalarini o‘zlashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi. Bu kabi xalqaro muloqot maydonlari kelgusida mahalliy jurnalistika maktabining ilmiy salohiyatini oshirish va xorijiy tajribani o‘quv jarayonlariga tizimli tatbiq etishga xizmat qilishi kutilmoqda.