2026-yil 3-noyabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga Sloveniya Respublikasi Tashqi va Yevropa ishlari vazirligi bosh direktori vazifasini bajaruvchi Erney Videtich boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Delegatsiya a’zolari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zMUning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Shuhrat Toshmatov, xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Komil Inakov, Geologiya va muhandislik geologiyasi fakulteti dekani Akramiddin Umarov hamda Ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Nargiza Nurmuhammedova ishtirok etib, ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Tashrifning asosiy maqsadi muhim xomashyo materiallari, geologiya, geotexnologiya, materialshunoslik va mineral resurslar sohalaridagi ilmiy-ta’limiy aloqalarni amaliy jihatdan rivojlantirishdan iborat.
15 nafardan iborat delegatsiya tarkibidan diplomatik korpus vakillari, jumladan, Sloveniyaning O‘zbekistondagi elchisi Branko Rakoves, shuningdek, Lyublyana universiteti, «Jožef Stefan» ilmiy-tadqiqot instituti, Sloveniya geologiya xizmati (GeoZS), «SPIRIT Slovenia» agentligi hamda xususiy sektor vakillari o‘rin olgan.
Muzokaralar davomida geologiya, mineralogiya, petrologiya va geotexnika sohalarida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, mineral resurslarga oid ma’lumotlarni o‘rganish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, «Jožef Stefan» instituti bilan noorganik kimyo, nanotuzilmali materiallarni tahlil qilish va laboratoriyalararo tajriba almashish, Lyublyana universiteti bilan esa professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma dala amaliyotlari, ilmiy stajirovkalar hamda ma’ruzalar tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish, ularni sanoat ehtiyojlariga moslashtirish va xalqaro grant loyihalarida hamkorlikda ishtirok etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zMU va Lyublyana universiteti o‘rtasida kadrlar almashinuvi bo‘yicha ijobiy tajriba mavjudligi qayd etildi. Xususan, 2026-yilda sloveniyalik professor Martina Ožbot Currie O‘zMUda dars mashg‘ulotlarini olib borgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha mas’ul koordinatorlarni belgilash, ustuvor 2–3 ta ilmiy tadqiqot mavzusini tanlash hamda kelgusi chora-tadbirlarni aniq belgilab beruvchi «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
