
Z. Mamatqulovaning murojaatida ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha O‘zbekiston Milliy universitetining Ijtimoiy fanlar fakultetiga «Huquqshunoslik» yo’nalishiga 2-bosqichdan qabul qilingani holda, undan 1-bosqich uchun ham to‘lov amalga oshirish talab etilayotgani yuzasidan e’tiroz bildirilgan.
Ma’lum qilamizki, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot olish uchun o‘qishga qabul qilingan talabalar birinchi mutaxassisligi bilan taqqoslaganda o‘quv rejalari va fan dasturlaridagi farqlar mavjud bo‘lgan taqdirda akademik qarzdor sifatida o‘qishga qabul qilinadi. Akademik qarzdorliklarni bartaraf etish esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 824-son qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari asosida amalga oshiriladi.
Mazkur nizomning 41-, 42- va 45-bandlariga ko‘ra, talaba o‘zlashtirilmagan fanlarni tegishli kreditlar hajmiga mos ravishda to‘lovni amalga oshirgan holda qayta o‘qiydi hamda bunda to‘lov miqdori butun kurs uchun emas, balki akademik qarzdorlik sifatida belgilangan fanlarning kredit hajmidan kelib chiqib hisoblanadi.
Shu bois, talabadan 1-bosqichdagi fanlar farqi bo‘yicha belgilangan kreditlarni o‘zlashtirish uchun to‘lov amalga oshirilishi talab etilishi amaldagi tartiblarga muvofiq hisoblanadi.
O‘zMU Axborot xizmati