O‘zbekiston Milliy universitetida O’zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi rahbariyati va soha ekspertlari ishtirokida “Rahbar va yoshlar muloqoti” tashkil etildi. Ochiq muloqot shaklida o‘tgan tadbir talabalarning huquqiy savodxonligini oshirish hamda ularni zamonaviy tahdidlardan himoya qilishga qaratildi.
Uchrashuvni universitetning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Yoqub Ergashev hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Adham Odinayev kirish so‘zi bilan ochib berdi. So‘zga chiqqanlar yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularda huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik hissini shakllantirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi ekanini ta’kidladilar.
Tadbir davomida soha mutaxassislari tomonidan dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilindi. Xususan, markaz boshlig‘i Bunyod Qudratov raqamli dunyodagi zamonaviy tahdidlar va kiberxavfsizlikni ta’minlash choralariga alohida to‘xtalgan bo‘lsa, katta o‘qituvchi Davron Mirzaxodjayev huquqbuzarliklar profilatikasi hamda giyohvandlikning inson hayotiga soladigan ayanchli oqibatlarini tahliliy ma’lumotlar asosida yoritib berdi.

Muloqot davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar. Ayniqsa, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish va raqamli tergov jarayonlari bo‘yicha berilgan amaliy tavsiyalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Yakunda bu kabi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish, yoshlarni yurt taraqqiyotiga daxldorlik ruhida tarbiyalashda muhim poydevor bo‘lishi alohida qayd etildi.