Bugun, 14-avgust kuni poytaxtimizdagi «Hilton Tashkent City» mehmonxonasida oliy ta’lim sohasidagi eng dolzarb masalalarga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi. «Oliy ta’lim xizmatlarini rivojlantirish: ta’lim dasturlari sifatini oshirish, ta’limda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va bandlik imkoniyatlarini kengaytirish» mavzusidagi ushbu nufuzli anjuman davom etmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning yetakchi ekspertlari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, mehnat bozori mutaxassislari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.

Konferensiyaning ochilish marosimi yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ngʻirotboy Sharipov, Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Maykl Xoulgeyt hamda Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi mintaqaviy ta’lim bo‘yicha maslahatchisi Salim Salamah ishtirok etib, kirish so‘zlari bilan tadbirni ochib berdilar.

Anjumanning asosiy e’tibori oliy ta’lim sifatini oshirish, ta’lim dasturlarini zamonaviy mehnat bozori ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga keng joriy etish hamda bitiruvchilarning bandligini ta’minlashning samarali mexanizmlarini belgilash masalalariga qaratilgan.

Anjumanning yalpi majlisi davomida milliy oliy ta’lim tizimining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini tubdan yaxshilash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ushbu nufuzli yalpi majlisda O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov faol ishtirok etib, o‘zining dolzarb ma’ruzasi bilan chiqish qildi.
Rektor «Milliy oliy ta’lim tizimining xalqaro raqobatbardoshligini oshirishning dolzarb vazifalari» mavzusidagi chiqishida bugungi shiddatli globallashuv davrida milliy oliy ta’limimiz oldida turgan eng strategik maqsadlarni o‘rtaga tashladi. Inom Madjidov o‘z nutqida milliy oliy ta’lim tizimini xalqaro raqobatbardoshlik talablariga moslashtirish, ilg‘or xalqaro standartlar asosida kompetensiyaga yo‘naltirilgan o‘quv dasturlarini joriy etish hamda oliy ta’lim muassasalarining jahon reytinglaridagi nufuzini oshirish borasidagi ustuvor vazifalarni chuqur tahlil qilib berdi.

Anjumanda Markaziy Osiyoda sun’iy intellektdan samarali foydalanishga tayyor oliy ta’lim ekotizimini shakllantirish hamda raqamli transformatsiyani jadallashtirish masalalari ham alohida ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, «Kelajakka qadam» dasturi doirasida bitiruvchilarning munosib ish o‘rinlariga ega bo‘lishlariga ko‘maklashish tizimi muhokama qilinmoqda.
Tadbirda Xitoy, Avstriya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Malayziya va Buyuk Britaniya kabi davlatlar vakillari o‘zlarining eng ilg‘or tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqdalar. Kunning ikkinchi yarmi va keyingi sessiyalarda esa 2026/2027-o‘quv yilini tashkil etish, xalqaro reyting agentliklari bilan ishlash, xorijiy talabalarni jalb qilish va oliy ta’lim muassasalarida karyera markazlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha muhim va amaliy takliflar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
