O’zbekiston Milliy universiteti Tarix fakultetida yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalarning tarqalishining oldini olishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir soha mutaxassislari ishtirokida tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti Maxsus-kasbiy fanlar kafedrasi professori Kenjayev Jasur Omon o‘g‘li hamda mazkur kafedra dotsenti Allayorov Jo‘ra Haykalovich ishtirok etdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, giyohvandlikning salbiy oqibatlari haqida keng va aniq tushunchalar berish hamda zararli odatlarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning inson salomatligi, jamiyat xavfsizligi hamda davlat taraqqiyotiga jiddiy xavf tug‘dirishi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, ayniqsa yoshlar orasida bunday illatlarning oldini olish, ularni sog‘lom hayot tarziga yo‘naltirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada kuchaytirish va profilaktik choralarni kengaytirish dolzarb vazifa ekani qayd etildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti xodimlari tomonidan yaratilgan “Psixotrop” Telegram boti taqdim etilib, uning imkoniyatlari va undan foydalanish tartibi haqida batafsil ma’lumot berildi. Tadbir jarayonida talabalar ushbu bot faoliyati bilan amaliy tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda foydali ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.