Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Xalqaro yoshlar maktabi ishtirokchilari taqdirlandi

Avval xabar berganimizdek, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida MDHga aʼzo davlatlarning gumanitar hamkorlik bo‘yicha davlatlararo jamg‘armasi ko‘magida «Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati» mavzuida Xalqaro qishki yoshlar maktabi o‘tkazildi. Unda M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat, Milliy tadqiqot Tomsk davlat, Belarus davlat va Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universitetlari talaba-yoshlari ishtirok etdi. Xalqaro yoshlar maktabida ishtirok etgan xorijlik talabalar Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tarixi va faoliyati bilan tanishtirildi, xususan, universitet kutubxonasi, muzeylar va fakultetlarga tashriflar va Toshkent shahri bilan yaqindan tanishishi uchun shahar bo‘ylab tur tashkil etildi. Xorijiy va milliy professor-o‘qituvchilarning qiziqarli maʼruzalari va seminarlari o‘tkazildi, tarixiy obidalar, milliy-madaniy markazlar bilan tanishtirish maqsadida Buxoro, Samarqand shaharlarga tashrif uyushtirildi.

O‘zbekistonning uch qadimiy shaharlari: Toshkent, Samarqand va Buxoroda bo‘ldik. Avvaldan Buxoro tarixi bilan tanishib, qiziqib yurar edim. Bu loyiha sababli o‘zim bu tarixiy shaharni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Kitoblarda o‘qiganlaringizni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rish juda boshqacha bo‘lar ekan. Bu shahar olam moʼjizalaridan biriga o‘xshaydi. Bu imkoniyatni bizga bergan tashkilotchilarga, professor-ustozlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, - deydi Moskva davlat universiteti talabasi Yuriy Knapik.
Shuningdek, xalqaro yoshlar maktabi doirasida «Yoshlarning xalq diplomatiyasidagi o‘rni» mavzuida xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Konferensiyada yoshlarning xalq diplomatiyasidagi o‘rni, xalqaro yoshlar maktabining hamkorlikdagi ahamiyati, sportning xalq diplomatiyasidagi o‘rni hamda o‘n kunlik o‘rganishlar yuzasidan ishtirok etayotgan xorijlik talabalar o‘z taqdimotlarini himoya qildi, o‘zbek milliy taomi - osh tayyorlash bo‘yicha master-klasslarda ishtirok etdi.
Xalqaro yoshlar maktabi yakunida ishtirokchilar universitet tomonidan maxsus sertifikat va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

O’zMU Axborot xizmati