Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik

   So‘nggi yillarda mamlakatimizda – yangi O‘zbekistonda yoshlarga munosabat butunlay o‘zgardi. Yoshlarga oid davlat siyosati asosida yosh avlodning hayotiy manfaatlarini taʼminlash, ularning ezgu orzu-intilishlari, qobiliyat va isteʼdodini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan islohotlar izchil va samarali amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston Milliy universitetida ham yoshlarga oid davlat siyosati doirasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Bulardan asosiy maqsad jahon standarti talablariga mos keladigan, intellektual salohiyati yuqori, malakali mutaxassislarni yetishtirish va ularni mamlakat taraqqiyotiga safarbar etishdan iborat.

Talaba-yoshlarning nazariy bilimlarini amaliyot ko‘nikmalari bilan o‘zaro muvofiqlashtirish, ularni tashabbuskorlik va faollikka undash maqsadida rahbariyat tomonidan ko‘plab tadbir va tashabbuslar joriy qilinmoqda.  Xusasan, 30 iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan Universitet yoshlar bilan ishlash tizimi masʼullari: prorektor, dekan o‘rinbosarlari, jamoatchilik tashkiloti vakillari ishtirokida o‘quv-dala amaliyotini o‘tayotgan talabalar hamda ularga rahbarlik qilayotgan professor-o‘qituvchilar uchun “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida madaniy tadbir tashkil etildi.

Maʼlumot o‘rnida aytish joizki, Biologiya, Ekologiya, Geografiya va tabiiy resurslar  fakultetlarida tahsil oluvchi 1, 2-kurs talabalarining 2020/2021-o‘quv yilidagi o‘quv rejasiga muvofiq 320 nafar talabalar Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Chorvoq” o‘quv-dala amaliyoti bazasida 21-iyundan 4 xaftalik o‘quv-dala amaliyotini o‘tab kelishmoqda.

   Mamlakatimiz rahbarining besh muhim tashabbusni izchil amalga oshirish, isteʼdodli yoshlarning qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, yosh avlodning jismoniy va maʼnaviy yetuk bo‘lib ulg‘ayishi, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish kabi vazifalaridan kelib chiqib mazkur tadbir ham yuqori saviyada o‘tkazildi. “Besh muhim tashabbus” yo'nalishlari doirasida futbol, basketbol, volleybol, shaxmat va shashka sport turlari bo‘yicha musobaqalar, heshteglar, fleshmoblar va turli ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etildi. Shuningdek,  o‘quv amaliyotini o‘tayotgan talabalarning o‘zbek milliy oshxonasidagi oshpazlik mahorati hakamlar hayʼati aʼzolari tomonidan baholandi.

    Ushbu madaniy-maʼrifiy tadbir davomida talabalar o‘zida yuksak insoniylik fazilatlarini shakllantirish barobarida individual qobiliyatlarini, iqtidorini ham kashf etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

O‘zMU Axborot xizmati